Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dzyudo: Isroilda Toshkentdagi finalning kichik ko‘rinishi takrorlanishi mumkin
12:06 / 2022-12-22

Bugun, 22 dekabr kuni Isroilning Quddus shahrida dzyudo bo‘yicha “Masters” seriyasiga kiruvchi xalqaro turnirning so‘nggi bahslari o‘tkaziladi.

Unda erkaklar  90, 100 va +100 kilogramm og‘ir vaznda, ayollar 78 hamda +78 kiloda g‘oliblik uchun kurash olib boradi.  

Kecha o‘tkazilgan bellashuvlar mamlakatimiz dzyudochilari uchun omadli keldi. 73 kilo og‘irlikda vatanimiz sharafini himoya qilgan Shahram Ahadov kumush, Murodjon Yo‘ldoshev bronza medalini qo‘lga kiritdi.  

bugungi bellashuvlarda ishtirok etadigan Olimpiya o‘yinlari sovrindori, jahon chempioni Davlat Bobonov 90 kilogrammda ilk bahsni Qirg‘iziston va Estoniya vakillari kurashida g‘olib chiqqan sportchi bilan o‘tkazsa, 100 kilogramm vaznda qatnashayotgan Muzaffarbek To‘raboyev gruziyalik, Otabek To‘raboyev ukrainalik bilan saralashni boshlaydi. Shuningdek, +100 kiloda Alisher Yusupov AQSH/Finlyandiya vakillari g‘olibi bilan, Shohruxxon Baxtiyorov sloveniyalik dzyudochi bilan ro‘baro‘ kelmoqda.  

Mazkur musobaqaning qiziqarli jihati, Davlat Bobonov “A” guruhidagi bahslardayoq poytaxtimizda o‘tgan jahon chempionati finalida bahs yuritgan italiyalik Kristian Parlati bilan to‘qnash kelmoqda. Aynan ushbu uchrashuv ro‘y bersa, Isroil bahslarining “kichik finali” ko‘rinishini olishi ehtimoli yuqori.  

Ortda qolgan bahslar natijasiga ko‘ra, umumjamoa hisobida “Parij-2024” Olimpiadasining eng ko‘p reyting ochkolarini jamg‘argan Fransiya va Yaponiya vakillari hozircha 58 ta davlat orasida yetakchilik qilmoqda. O‘zbekiston dzyudochilarining 7 nafari Olimpiya reytingi uchun zarur ballarga ega bo‘lgan holda 10-o‘rinda bormoqda.  

Bugun Quddus tatamilarida kechadigan xalqaro musobaqaning so‘nggi kungi bellashuvlarida Bobonov, Yusupov va To‘raboyevlar qayd etadigan natijalar yurtimiz dzyudochilarining umumiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.  

Eslatib o‘tamiz, Davlat Bobonov bahslarga kirishadigan 90 kilo vaznda 22 nafar, 100 kg.da 30 nafar, hamda +100 kilogramm og‘irlikda 18 nafar ishtirokchi medallar uchun kurash olib boradi.  

 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

O‘zA