Dzyudo: IJF Rossiya va Belarusni xalqaro musobaqalardan chetlatdi
Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) ijroiya qo‘mitasi 2023 yil yanvarigacha Rossiya va Belarus sportchilarining dzyudo bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarda ishtirok etishini taqiqladi. Bu haqda kuni kecha Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tizimidagi insidethegames.biz sayti ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, shu paytgacha Xalqaro dzyudo federatsiyasi ushbu mamlakat sportchilariga IJF bayrog‘i ostida musobaqalarda qatnashishga ruxsat berib kelayotgan edi.
Demak, endi Rossiya va Belarus dzyudochilari joriy yil 6-13 oktyabr kunlari Toshkentda o‘tadigan jahon chempionatida qatnashishdan mosuvo bo‘lishdi.
Eslatib o‘tamiz, poytaxtimizdagi “Humo” sport majmuasida o‘tadigan dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashish uchun hozirgacha 85 davlat terma jamoalari rasmiy talabnoma taqdim etgan.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA