Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” musobaqasining birinchi kungi bahslarida hamyurtlarimizdan Diyora Keldiyorova 52 kg vaznda oltin medalga musharraf bo‘ldi.
Iste’dodli dzyudochi qizimiz finalda uch karra jahon chempionatlari ishtirokchisi va sovrindori bo‘lgan rossiyalik tajribali sportchi Alesya Kuznetsovani mag‘lub etib, g‘oliblikni tantana qildi.
Aytish lozimki, ushbu g‘alaba tufayli Keldiyorova “Katta dubulg‘a” turnirlarining ikki karra g‘olibasiga aylandi.
Yana bir ahamiyatli tomoni, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari uchun zarur reyting ochkolarni jamg‘arishda yurtimiz sportchilaridan birinchilardan bo‘lib Diyora Keldiyorovaga ushbu baxt kulib boqdi. U yana ikki yildan keyin Fransiyada o‘tadigan to‘rt yillik o‘yinlar uchun 500 reyting ochkosiga ega bo‘ldi.
Xalqaro musobaqa dasturiga ko‘ra, bugun o‘tgan boshqa vaznlaridagi bahslarda afsuski hamyurtlarimiz kutilgan natijalarga erisha olmadi. Jumladan, Kemran Nurillayev 60 kg.da mo‘g‘ulistonlik Sogt-Ochir Byambajavni mag‘lub etgan bo‘lsa-da, keyingi bosqichda Tokio olimpiadasi sovrindori bo‘lgan Xitoy taypeilik Yan Yun Veyga mag‘lub bo‘ldi. 66 kilogrammda ikki vakilimiz qatnashib, Rahimjon Subhonov Qozog‘iston sportchisi, Tokio olimpiadasi sovrindori Yeldos Smetov to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Ikkinchi davradan bahslarga kirishgan Sardor Nurillayev esa mo‘g‘ulistonlik Sod-Erdene Gunjinlxamga yengildi. Nurillayev “chig‘irig‘i”dan omon o‘tgan ushbu sportchi o‘z navbatida musobaqani kumush medal bilan yakunladi.
O‘zbekiston qizlar terma jamoasi a’zosi Gulnur Muratboyeva 48 kilogramm og‘irlikda Afrika chempioni, JAR vakili Jeroniy Uaytbuga yo‘l berdi.
Ertaga, 25 iyun kuni xalqaro turnir dasturiga binoan qolgan vaznlarda bahslar davom etadi.
Bugun 2 ta o‘g‘il bolalar vaznida hamda 3 ta qizlar o‘rtasidagi vaznlarda aniqlangan g‘olib va sovrindorlar ro‘yxatiga ko‘ra, medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoada 2 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medaliga ega Mo‘g‘uliston vakillari peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, 2 ta oltin medalga ega yaponiyaliklar 2-o‘rinda bormoqda. Diyora Keldiyorovaning yagona oltini evaziga O‘zbekiston 30 ta davlat orasida kuchli uchlikni yakunlab turibdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA