French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dzyudo: Chempionatning ilk oltin medallari Yaponiya vakillariga tegishli bo‘ldi
11:13 / 2022-10-07

Shunday sport turlari borki, uning shiddati, jozibasi, chuqur falsafasi minglab kishilarga o‘zgacha ruh bag‘ishlaydi. Yaponlarning milliy sport turidan xalqaro maqomga ko‘tarilgan dzyudo usullari azaliy qadriyatimiz kurashga o‘xshashligi sababli qisqa fursatda ko‘plab yoshlarimizning sevimli mashg‘ulotiga aylandi.

Bu, shu kunlarda poytaxtimizda 80 dan ziyod davlat vakillari ishtirokida o‘tayotgan 35-jahon chempionatida yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Kecha chempionat musobaqalarining ilk bellashuvlarida o‘g‘il bolalar 60 kilogramm va qizlar 48 kilo og‘irlikda medallar uchun bahs yuritdi.

Kutilgan va kutilmagan jarayonlarga boy bo‘lgan bellashuvlarda Olimpiya o‘yinlari g‘olibi yaponiyalik Naoxisa Takato faoliyatida to‘rtinchi bor jahon chempionligiga erishdi. Ayollar o‘rtasida esa Natsumi Sunoda sharafiga Yaponiya davlat madhiyasi yangradi.

O‘g‘il bolalar orasida kumush va bronza medallari Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Xitoy Taypeyi vakillariga tegishli bo‘lgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida sovrinli o‘rinlar Germaniya, Qozog‘iston, Italiya vakilalariga nasib etdi.

60 kg vaznda bahs yuritgan Dilshod Baratov ilk saralash musobaqalarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Janubiy Koreya, Ukraina, Isroil kabi mamlakat vakillarini mag‘lub etgan hamyurtimiz bronza medali uchun kurashda qozog‘istonlik sobiq jahon chempioni Yeldos Smetovga ro‘baro‘ keldi.

Murakkab kechgan bellashuvda Dilshod Baratov tajribali dzyudochiga kichik hisobda imkoniyatni boy berib, 42 nafar sportchi orasida 5-o‘rin bilan kifoyalandi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda terma jamoamiz a’zosi Halimajon Qurbonova ilk bosqichda turkiyalik Merve Azakni dog‘da qoldirdi. Ammo, medallar uchun kurashning ikkinchi bosqichida italiyalik Assunta Skuttoga yo‘l berishga majbur bo‘ldi. Aynan Qurbonovani mag‘lub etgan italiyalik sportchi qiz musobaqa yakunida bronza medaliga musharraf bo‘ldi.

Bugun, 7 oktyabr kuni o‘g‘il bolalar 66 kg vaznda, qizlar 52 kg og‘irlikda medallar uchun kurash olib boradi.  

O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda hamyurtimiz Sardor Nurillayev, qizlar bahsida tajribali Diyora Keldiyorova hamda yosh sportchimiz Sita Qadamboyeva chempionlik uchun tatamiga chiqadi.

 

To‘lqin Ro‘ziyev, 
O‘zA