Chirchiq shahrida 23 yoshgacha bo‘lgan dzyudochilar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatining ikki kunlik bahslari sarhisobiga ko‘ra, poytaxt jamoasi umumjamoa hisobida yetakchilikka erishdi.
Kecha chempionatning ikkinchi kunida o‘g‘il bolalar -81, -90, -100, +100 kilogrammda, qizlar -63, -70, -78, +78 kg. vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Ikki kunlik bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Toshkent shahri jamoasi 3 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza medaliga ega chiqqan holda medallar jamg‘arish bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Toshkent viloyati jamoasi ikkinchi va kuchli uchlikni Jizzax viloyati jamoasi egalladi.
Chempionatning so‘nggi kunida o‘z vazn toifalarida Nodirbek Mavlonberdiyev, Sherbek Rashidov, Muhammadsodiq Sodiqov, Fazliddin Rafiqov, Sarvinoz Husanova, Gulina Oblaqulova, Sevinch Mahmudjonova va Mohlaroyim To‘xtamisheva g‘oliblikka erishdi.

Mamlakatimiz dzyudosi uchun yangi nomlarni kashf etgan birinchilik yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA