Poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tayotgan O‘zbekiston chempionati keskin va murosasiz bahslarga boy o‘tdi.
Vazni -70 kg bo‘lgan ayollar bahsida ikki xorazimlik dzyudochi Barchinoy Qodirova hamda Farangiz Xojiyeva o‘zaro raqobatlashdi. Bellashuvda Barchinoy zafar quchib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu vaznda Begoyim Hayitova (Qashqadaryo) hamda Muxlisa Turdiyeva (Qashqadaryo) bronza medaliga sazovor bo‘ldi. -63 kg vazn toifasida Marjona Nurullayeva (Samarqand) oltin, Sarvinoz Xusanova (Samarqand) kumush, Dinora Egamberdiyeva (Xorazm) va Asal Karimjonova (Toshkent) bronza medali bilan taqdirlandi.

Shuningdek, - 57 kg vazn toifasidagi bahslarda Farangiz Redjepova (Buxoro), Yuliyana Maksetbayeva (Qoraqalpog‘iston), Muxlisa Ganjayeva (Xorazm), Hojar Shapoatova (Surxondaryo) g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi va qator tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan chempionatning vazni -81 kg bo‘lgan erkaklar bahsida Hikmatulloh To‘rayev (Surxondaryo) shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Arslon Tojiyev (Qashqadaryo) ikkinchi o‘rinni band etdi. Ma’ruf Xidirov (Qashqadaryo) va Suhrob Tursunov (Toshkent vil.) esa kuchli uchlikni yakunlab berdi. Keskin va murosasiz o‘tgan -73 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda Muhammad Jumayev (Navoiy) mamlakat chempioniga aylandi.

G‘olib Sulaymonov (Buxoro) kumush, Elbek Tojiyev (Toshkent vil.) hamda Nodirbek Mavlonberdiyev (Xorazm) ushbu vaznda bronza medali sohibi bo‘ldi.

Musobaqa davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA