Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dzyudo: Abu-Dabida "Los-Anjeles-2028" sari tashlangan ilk qadam xayrli bo‘ldi
10:32 / 2024-10-14

Kuni kecha Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida dzyudo bo‘yicha yakunlangan “Katta dubulg‘a” turniri yana to‘rt yildan keyin Los-Anjeles shahrida bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga reyting ochkolarni jamg‘arish uchun kechadigan katta kurash marshini boshlab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Xo‘sh, yangi Olimpiya siklini boshlab bergan ilk “Katta dubulg‘a” turnirida dunyo dzyudochilari qatorida mamlakatimiz vakillari erishgan natijalar ko‘ngildagidekmi?

29 mamlakatning 220 nafarga yaqin dzyudochisi ishtirok etgan nufuzli turnirda eng yosh tarkib bilan qatnashgan terma jamoamiz a’zolari 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 1 nafar dzyudochimiz kuchli beshlikdan, 4 nafari yettilikka ko‘tarildi. O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoada medallarga egalik qilgan 18 ta davlatdan biri bo‘ldi.

Xalqaro turnirning birinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Muhriddin Tilovovning -66 kilogrammda 3-o‘rinni qo‘lga kiritishi, so‘nggi kungi bellashuvlarda O‘tkirbek To‘raboyevning +100 kilo og‘irlikda kuchlilar bilan bellashib, bronza medali sohibiga aylanishini, -90 kilogrammda yosh sportchimiz Nurbek Murtazoyevning 5-o‘rindan, Kamoliddin Baxtiyorovning, Samariddin Quchqorovning -60 kiloda, ayollar o‘rtasida Durdona Nizomiddinova va Fotima Quromboyevaning 7-o‘rindan joy olishini mamlakatimiz sportida yangi nomlar bo‘y ko‘rsatayotganidan dalolat, deyish mumkin.

Istagimiz, ular orasidan kelgusida Diyora Keldiyorova, Davlat Bobonov, Muzaffarbek To‘raboyev, Alisher Yusupov singari jahon dzyudosida o‘z uslubiga ega sportchilarimiz yetishib chiqsin.

T.Ro‘ziyev, O‘zA