DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Jarqo‘rg‘on tumani “Qumqishloq” mahallasida yashovchi, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Gulbahor” chegara postida inspektor bo‘lib ishlayotgan Q.R.ni noqonuniy ravishda yer sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga oldi.
Gap shundaki, u otasi M.S. nomiga rasmiylashtirilgan Jarqo‘rg‘on tumani “Qorayontoq” mahallasi hududidagi 0.008 ga yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan tekindan o‘zganing ancha miqdordagi pul mablag‘lariga ega bo‘lish maqsadida sotmoqchi bo‘lgan.
Bu yerning uning otasi 2020 yil yil 22 dekabrda “Elektron onlayn auksionlarni tashkil qilish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan o‘tkazilgan onlayn savdosida YU 139-040298-sonli bayonnoma asosida 9 oy muddat ichida 120 million so‘m investitsiya kiritish sharti bilan qo‘lga kiritgan edi.
Q.R. tadbirga jalb qilingan “Sodiq” ismli shaxsdan yer uchun 32 million 550 ming so‘m pullarni Jarqo‘rg‘on tumani “Dehqonobod” mahallasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasi xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro Q.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA