“FOREX” – dunyodagi eng yirik xalqaro valyuta ayirboshlash bozori platformasi hisoblanib, u chet el valyutalarini uzluksiz bir-biri bilan almashish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur bozorda asosan banklar, brokerlik kompaniyalari, tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi firmalar, jismoniy yoki yuridik shaxslar treyder sifatida ishtirok etadi.
Treyderlar asosan moliya bozoridagi narxlarning tebranishi hisobidan foyda oladi, ya’ni arzon olib, qimmat bo‘lganda sotadi yoki aksincha bo‘lishi mumkin.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘zini treyderlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qilib, moliya-iqtisod sohasida yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmagan fuqarolarni ishonchiga kirgan holda, ularning shaxsiy mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirib kelgan mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, 1995 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs 2020 yilda Toshkent shahrida “Realnaya Investitsiya” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etgan va mijozlar topish maqsadida “Telegram” messenjerida hamda “Instagram” ijtimoiy tarmog‘ida guruh ochib, targ‘ibot ishlari olib borgan.
MCHJ rahbari mijozlardan 15 ming AQSH dollaridan 200 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan miqdorda pul mablag‘larini qabul qilib olgan hamda ularga har oyda kamida 10 % dan foyda berishni va’da qilib, ushbu foydani yangi jalb qilingan fuqarolarning pul mablag‘lari hisobidan to‘lab kelgan.
Hozirgi kunda MCHJ rahbarining 100 nafar atrofidagi shaxslardan jami 2,5-3 mln. AQSH dollari miqdorida qarzdorligi mavjud.
Ta’kidlash lozimki, MCHJ rahbari noqonuniy yo‘l bilan topilgan daromadlarini bir nechta ko‘chmas mulklar va qimmatbaho avtomashinalar xarid qilish orqali legallashtirgan.
Hozirda holat yuzasidan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, MCHJ rahbariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168, 178, 179, 184, 1881, 189 va 243-moddalarini qo‘llagan holda mazkur jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb etilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hurmatli fuqarolar “Realnaya Investitsiya” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz, Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi.