Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DXX: Toshkent shahri bozorlarida firibgarlik va tovlamachilik holatlari aniqlandi
10:21 / 2022-06-07

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan «Yangiobod ixtisoslashgan bozori» MCHJning mas’ul xodimlaridan biri tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga bozorning xaridorlar gavjum bo‘ladigan hududidan savdo do‘koni olib berish evaziga 10.000 AQSH dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 8.500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘tgan aprel oyida esa «Farhod dehqon bozori» AJ direktori, uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari hamda AT «Xalq banki» Uchtepa tuman filialining «Farhod dehqon bozori»ga xizmat ko‘rsatuvchi kassiri bilan bog‘liq noqonuniy holat aniqlangan edi.

Ya’ni, Toshkent shahar hokimining 2021 yil 19 fevraldagi 203-sonli «Elga xizmat» va «Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari» savdo nuqtalaridan  bir martalik yig‘imlar va ijara to‘lovlari olinmasligi haqidagi qaroriga zid ravishda, mahalliy tadbirkorni bozordan chiqarib yuborish bilan qo‘rqitib, 2021 yilning oktyabr oyi oxirlaridan 2022 yilning fevral oyiga qadar undan bozorda savdo faoliyati olib borishi evaziga har kuni 66 ming so‘mdan pul mablag‘i olib kelishgan.

 Shuningdek, ular tadbirkordan joriy yilning fevral-mart oylari uchun 3 mln. 400 ming so‘m to‘lov qilishini talab qilishgan.

DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va shahar IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Xalq banki»ning Uchtepa tuman filiali «Farhod dehqon bozori»ga xizmat ko‘rsatuvchi kassiri o‘z xizmat xonasida so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, uning yonida kunlik tushumdan inkassatsiya qilingan 8 mln. 300 ming so‘m va inkassatsiya qilinmagan 9 mln. 150 ming so‘m pul mablag‘lari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tezkor tadbir davomida «Farhod dehqon bozori» AJ direktori hamda uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari ham ushlanib, direktor o‘rinbosarining avtomashinasida bo‘lgan 24 mln. 967 ming so‘m pul mablag‘i o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.