Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Nurafshon shahridagi chorvachilikka ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat ta’sischisi mazkur MCHJning 2 gektar sug‘oriladigan yer maydonini 500 ming AQSH dollari evaziga xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, oldindan 140 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan shaxs mazkur tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida hokim yordamchisi lavozimda ishlovchi sinfdoshi bilan kelishgan holda o‘zganing ishonchiga kirib, Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan 4 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilishadi.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1982 y.t. shaxs so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, uning ko‘rsatmasi asosida hokim yordamchisi ham qo‘lga olindi.
Toshkent viloyatida kuzatilgan yana bir holatda Qibray tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat boshqaruvchisi mazkur MCHJga 46 yil muddatga ijara asosida foydalanish uchun berilgan 91 gektar yer maydonining 60 gektarini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 60 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Karmana tumanida yashovchi tadbirkor esa o‘ziga davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida sun’iy qoplamali futbol maydonchasi va yordamchi bino ob’ektini qurishi uchun berilgan 9,9 sotix yer maydonini xaridorga 50 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida DXX Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.
DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQKDning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand shahrida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan shaxs o‘ziga issiqxona tashkil etishi uchun Samarqand tumani hududidan ajratib berilgan 90 sotix yer maydonini 40 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
<iframe width="950" height="534" src="https://www.youtube.com/embed/AqmH0Dpuqwo" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>