Amir Temur buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda sifatida nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun dunyo tarixida iz qoldirgan.
Uning shaxsiyati, davlatchilik tarixida tutgan o‘rni mamlakatimiz milliy mafkurasining ajralmas asoslaridan biri sanaladi.
Shu bois, O‘zbekistondagi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tayanch mutaxassislar yetkazib beradigan o‘rta maxsus ta’lim muassasalari “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari, deya qayta nomlanib, zamon talablari asosida yangidan tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 iyundagi “O‘smirlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tarkibida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan DXX “Temurbeklar maktabi”ning qurilishi, o‘quv jarayonlarini tashkil etish masalalari bevosita davlatimiz Rahbarining nazoratida bo‘ldi. Joriy yilning 7 yanvar kuni Prezidentimiz mazkur zamonaviy ta’lim maskaniga tashrif buyurib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Dastlabki o‘quv yilida 5 ming 600 talabgordan eng bilimli 100 nafari saralab olindi.
O‘quv maskanida ta’lim sifatini oshirish maqsadida mamlakatimizning nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, dars jarayonlariga malakali professor-o‘qituvchilar jalb qilingan.
Muassasadagi 18 ming kitob fondiga ega, internet tarmog‘iga ulangan zamonaviy kutubxona esa o‘quvchilar uchun yana bir qulaylik.
Litseyning Amir Temur nomidagi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi bilan bir hududda joylashgani ham o‘quvchi-yoshlar uchun amaliyot sirlarini chuqur o‘rganish, eng muhimi, kelajakda o‘z sohalarining yetuk mutaxassisi bo‘lishlarida o‘ziga xos imkoniyat.
DXX “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi ilk qaldirg‘ochlarining bitiruv marosimida har bir o‘quvchi yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanib, Vatanimizga kerakli mutaxassis bo‘lib yetishishi zarurligi aytib o‘tildi.
Saf maydonida Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyati, o‘qituvchi va murabbiylari, ota-onalari qarshisida qo‘r to‘kib turgan o‘g‘lonlarning oldiga qo‘ygan maqsadlari, erishayotgan yutuqlari ham shunga monand.
Masalan, imtiyozli diplom bilan bitirgan 15 nafar o‘quvchi DXX Akademiyasiga imtihonlarsiz o‘qishga kirish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 30 nafar o‘quvchi xalqaro IELTS sertifikati sohibi bo‘ldi.
Tantanali tadbirda bitiruvchilarga diplomlar topshirildi. Albatta, bugungi kun talablariga to‘liq javob beradigan o‘quv maskanida ta’lim olgan ushbu bitiruvchilar ham yangilanayotgan O‘zbekistonga yangi kuch, yangi avlod bo‘lib yetishishdek oliy maqsad sari dadil borishlariga ishonch bildiramiz.
O‘zA