English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DXX: Oliygohlarga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar bartaraf etildi
12:31 / 2022-08-31

DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimligi xodimi 2 nafar fuqaroni Qirg‘izistondagi oliy o‘quv yurtida o‘qishlari haqida soxta hujjatlar tayyorlab, so‘ngra ularning o‘qishlarini poytaxtimizdagi oliygohlardan birining 2-bosqichiga ko‘chirib berish evaziga 18 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, xorijiy davlatlardagi OTMlarga o‘qishga kirishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanuvchi, Toshkent shahridagi MCHJ rahbari Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi bilan kelishgan holda 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularning Qozog‘iston Respublikasidagi oliygohlardan birining 1-bosqichini tamomlaganliklari haqidagi hujjatni tayyorlab berish evaziga har biridan 15 mln. so‘mdan pul mablag‘i talab qiladi. 

Natijada, u MCHJ hisob raqamiga umumiy 9 mln. so‘m, Qozog‘iston fuqarosi nomiga 1900 AQSH dollari o‘tkazilganligi to‘g‘risida 4 dona kvitansiyalarni qabul qilib olgan vaqtida, DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va IJQK departamentining shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi. 

Shuningdek, DXX xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda poytaxtimizdagi nufuzli oliygohlardan birining 3-bosqich talabasi 2 nafar fuqarodan 2 ming AQSH dollari olgan vaqtda ushlandi. 

Ma’lum bo‘lishicha, u Qozog‘iston Respublikasidagi oliygohlardan birining 2-bosqichini tamomlaganligi haqida soxta hujjat olib berib, mazkur hujjat orqali Toshkent shahridagi xususiy universitetning 2-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishini va’da qilgan. 

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zA