DXX: Namanganda «Kalashnikov» avtomatini sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi, 1983 y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 97- (Qasddan odam o‘ldirish) va 182- (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) moddalari bilan sudlangan «A.O.» Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod oblasti Ola-buqa rayoniga borib, jinoiy aloqasidan 1 dona AKS-74 jangovor o‘qotar quroli, 3 dona o‘qdon va 43 dona o‘q-dorilarni oladi hamda kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimiz hududiga o‘tkazadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda «A.O.» ushbu qurol va o‘q-dorilarni Namangan shahrida sotmoqchi bo‘lganida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246 va 248-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.