English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DXX kubogining namanganlik g‘oliblari aniqlandi
13:28 / 2022-07-29

Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogining futbol va mini-futbol bo‘yicha musobaqalarining viloyat bosqichi bahslari o‘tkazildi.

Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga qaratilgan musobaqada uyushmagan yoshlar, kam ta’minlangan oila farzandlari, imkoniyati cheklangan 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan iborat jamoalar ishtirokidagi hal qiluvchi uchrashuvlar Davlatobod tumanidagi “Markaziy” o‘yingoh zaxira va mini-maydonlarida kechdi.

Millionlar o‘yinining final uchrashuvida Kosonsoy tumanining “Olmazor” va Chortoq tumanining “Keskanyor” mahalla fuqarolar yig‘inlari jamoalari maydonga tushdi. Murosasiz ruhda o‘tgan bellashuvda 2:1 hisobida zafar quchgan keskanyorliklar bosh sovrin sohibiga aylandi va DXX kubogining Respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Uchinchi o‘rin uchun kechgan o‘yinda Pop tumanining Marg‘izor mahallasi yoshlaridan 2:1 hisobida ustun kelgan To‘raqo‘rg‘on tumanining “Chorbog‘” MFY jamoasi ham sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Musobaqaning mini-futbol o‘yinlari ham ko‘pchilikning olqishlariga sazovor bo‘ldi. Hal qiluvchi uchrashuvida Chustning Toshqo‘rg‘on va Davlatobod tumanining Quyi Rovuston mahallalari jamoalari o‘zaro bahs yuritdi. G‘olibni aniqlash uchun o‘yinning asosiy vaqti yetarli bo‘lmadi (durang 3:3). Poytaxtga boradigan baxtli jamoa “omad lotereyasi”da aniqlandi. Penaltilar seriyasida esa zarbalarni raqibga qaraganda aniqroq amalga oshirgan (5:4) chustliklar musobaqa g‘olibi sifatida e’tirof etildi.

Kuchli uchlikka aniqlik kiritib bergan o‘yinda Yangiqo‘rg‘onning “Navkent” MFY jamoasi Chustning Kelachi mahallasi havaskor sportchilarini 4:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Musobaqa yakunida DXX kubogi g‘olib va sovrindorlarini tantanali tarzda taqdirlash marosimi bo‘ldi. Maxsus kuboklar va medallarni Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Alisher Erkayev o‘z sohiblariga topshirdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA