Buxoro viloyatida sportning futbol va mini futbol turi bo‘yicha DXX kubogi musobaqalari boshlandi. Musobaqaning Buxoro shahri mahalla bosqichi uchun qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimligi mutasaddilari, yoshlar ishlari agentligi hamda mas’ul tashkilot xodimlari va mahallalar yoshlari ishtirok etdi. Tadbirda shahar hokimi Qurbon Tursunov so‘zga chiqib, barchani boshlanayotgan musobaqa bilan tabrikladi.


O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tashabbusi bilan 2021 yildan boshlab yoshlarni sportga keng jalb qilish, iqtidorli va iste’dodli yoshlarni saralab olish maqsadida “DXX kubogi” uchun futbol va mini futbol bo‘yicha musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda. 2021-2023 yillar davomida ushbu tadbir doirasida viloyat miqyosida 35 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etgan. Quvonarlisi, musobaqalarning viloyat bosqichi g‘olibi bo‘lgan mahalla jamoalarining mahallasida zamonaviy yangi tipdagi STREET WORKAUT maydonchalari qurib berish amaliyoti joriy qilindi.

Qur’aga ko‘ra, Buxoro shahridagi mahallalar dastlab guruhlarga bo‘lingan holda hudud bosqichida ishtirok etadi. G‘olib jamoalar shahar bosqichida kurash olib boradi.

Musobaqa uch bosqichda 1 – bosqich tuman-shahar saralash musobaqalari aprel-may oylarida, 2 – bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bo‘yicha saralash musobaqalari iyun-iyul oylarida, 3 – bosqich Respublika bo‘yicha final musobaqalari avgust oyida bo‘lib o‘tadi. 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar futbol va mini futbol, qizlar esa mini futbol bo‘yicha “DXX kubogi”da ishtirok etishlari mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.