An’anaviy sport musobaqalaridan biriga aylangan “DXX kubogi” yoshlar o‘rtasida hamjihatlikni oshirishga xizmat qilayotganligi bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Musobaqaning joriy mavsumida Samarqand viloyati miqyosida 90 ming nafardan ortiq yoshlar ro‘yxatdan o‘tganligi ham fikrimizning yorqin isbotidir.
Mahalla yoshlari o‘rtasida futbol bo‘yicha o‘tkazilgan “DXX kubogi” bahslarining finali Samarqand shahridagi “Dinamo” stadionida o‘tkazildi. Finalda Qo‘shrabot tumanining Shovona mahallasi va Ishtixon tumanining Qoraqishloq mahallasi jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Murosasiz kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda ishtixonlik yoshlar 7:6 hisobida g‘alaba qozonib, viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldi va “DXX kubogi”ni qo‘lga kiritdi. Musobaqada uchinchi o‘rinni Payariq tumanining O‘zbekiston mahallasi jamoasi egalladi.
[gallery-24333]
Shuningdek, mini-futbol bo‘yicha “DXX kubogi” viloyat bosqichining o‘g‘il bolalar bahsida birinchi o‘rinni Toyloq tumanining Tepaqishloq mahallasi jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Narpay tumanining Tortuvli mahallasi jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Paxtachi tumanining Gulobod mahallasi jamoasi egalladi.
Mini-futbol bo‘yicha “DXX kubogi” qizlar o‘rtasida Jomboy tumanining “Nafis” jamoasiga nasib etdi. Ushbu bahsda ikkinchi o‘rinni Qo‘shrabot tumanining “To‘maris” jamoasi, uchinchi o‘rinni Payariq tumanining “Sevinch” jamoalari qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari hamda taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Taqdirlash marosimida Samarqand viloyati hokimi A. Boboyev, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i N. Rahimov ishtirok etdi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari