Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DXX kubogi: “Qoraqalpoq” jamoasi mamlakat bosqichida
18:46 / 2023-07-22

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogining futbol bo‘yicha musobaqalarining Buxoro viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga qaratilgan musobaqada 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan mahallalar yoshlaridan iborat jamoalar ishtirokidagi hal qiluvchi uchrashuv Buxoro sport majmuasi o‘yingohida bo‘lib o‘tdi.

“Millionlar o‘yini”ning final uchrashuvida Peshku tumanining “Qoraqalpoq” va Vobkent tumanining “Changaron” mahalla fuqarolar yig‘inlari jamoalari maydonga tushdi. Har ikkala jamoa ham finalgacha qiyin yo‘lni bosib o‘tdi.  

Peshkulik yoshlar Jondor tumanining “Nurafshon”, Romitan tumanining “Toshrabot” hamda Shofirkon tumanining “Nekkishi” mahallalari jamoalarini ortda qoldirgan bo‘lsa, Vobkent tumani jamoasi Olot tumanining “Nurobod”, Qorako‘l tumanining “Ziyorat” va G‘ijduvon tumanining “Taxtaxon” mahallasi yoshlarini yengib, finalga yo‘l olgan edi.  

Murosasiz bellashuvning asosiy vaqtida 1:1 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida 6:5 hisobida “Qoraqalpoq” mahallasi jamoasi bosh sovrin sohibiga aylandi va DXX kubogining Respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Uchinchi o‘rin uchun kechgan o‘yinda G‘ijduvon tumanining “Taxtaxon” mahallasi yoshlaridan ustun kelgan Shofirkon tumanining “Nekkishi” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi ham sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Musobaqa yakunida DXX kubogi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi. Maxsus kubok va medallarni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va boshqa mutasaddilar o‘z sohiblariga topshirdi.

 

Zarif Komilov, O‘zA