Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DXX kubogi g‘oliblarini Yangiyerda tantanali kutib olishdi
16:36 / 2025-08-25

Yurtimizda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va vatanparvarlik ruhini kuchaytirish maqsadida 2021 yildan buyon Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun futbol va mini-futbol musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.

Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida o‘g‘il bolalar o‘rtasida futbol, yigit va qizlar o‘rtasida esa mini-futbol bahslarida 251 ming nafardan ziyod yosh qatnashdi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan qariyb 15 foizga ko‘pdir.

Saralash bosqichlari aprel–may oylarida tuman va shaharlarda, iyun–iyul oylarida esa viloyatlar  markazlari va poytaxtda o‘tkazildi. Natijada mini-futbol (qizlar, o‘g‘il bolalar) va  futboldan  42 ta jamoa respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Finalgacha bahslar 19–23 avgust kunlari «Bunyodkor» futbol akademiyasi maydonlarida bo‘lib o‘tdi. Final esa Toshkent shahridagi «Jar» stadionida tashkil etildi.

Futbol bo‘yicha hal qiluvchi bellashuvda Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi Abdurahmon Jomiy mahallasi jamoasi Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi "Qoratepa"  jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Ikkinchi taymning 37-daqiqasida yangiyerlik Alisher Sobirjonov raqib darvozasiga aniq zarba yo‘llab, jamoasiga g‘alaba keltirdi.

– Bu gol faqat mening emas, butun jamoamning mehnati samarasi, – deydi Alisher Sobirjonov. – Biz oxirgi daqiqalargacha birdamlik bilan kurashdik. Kubokni qo‘lga kiritishimiz butun Yangiyer yoshlari uchun katta rag‘bat bo‘ladi.

Shu tariqa, Abdurahmon Jomiy mahallasi yoshlari ilk bor DXX kubogini qo‘lga kiritib, Sirdaryo futboli tarixida muhim sahifa ochdi. 2021 yilda Guliston shahri "Taraqqiyot" mahallasi ikkinchi o‘rinni egallagan, 2022 yilda esa Mirzaobod tumanining  "Bog‘iston" jamoasi finalgacha yetgandi. Keyingi ikki yilda esa hech qaysi Sirdaryo jamoasi hal qiluvchi bosqichga chiqolmagan edi.

Chempionlar Yangiyer shahriga qaytgach, ularni shahar ahli, Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari va Sport boshqarmasi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi shahar bo‘limining xodimlari tantanali ravishda kutib olishdi. Shahar hokimi Otabek Nosirov futbolchilarni tabriklar ekan, bu g‘alaba barcha  sirdaryolik yoshlar uchun namuna bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

Musobaqa g‘oliblari uchun maxsus sovg‘a sifatida Abdurahmon Jomiy  mahallasida zamonaviy mini-futbol maydoni barpo etiladi. Demak, yangiyerlik chempionlar nafaqat kubok, balki o‘z mahallasiga ham qimmatli infratuzilmaviy yutuq olib kelishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri