Nukusda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida futbol va mini futbol bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalari saralash bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev kubok musobaqalarida g‘olib bo‘lgan jamoalarni tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatorida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor va yoshlarga yaratilib berilayotgan keng imkoniyatlar bugungi kunda ular orasidan salohiyatli, yurtimiz ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shadigan va mamlakatimiz bayrog‘ini dunyoga tanitadigan sportchilarning yetishib chiqishiga asos bo‘lmoqda.
DXX kubogini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad yoshlar orasida sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, ularni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat. Musobaqalarda shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan o‘g‘il bolalar jamoalari futbol va mini-futbol bo‘yicha, qizlar jamoalari mini futbol bo‘yicha bahslashdi. “Sog‘lom yoshlar – Yangi O‘zbekiston kelajagi” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasining ochilish marosimi keng jamoatchilik, yoshlar va sport muxlislari uchun haqiqiy bayramga aylandi.
Futbol bo‘yicha kubok sohibini aniqlash uchun o‘tkazilgan o‘yinda Nukus shahri yoshlari Nukus tumani jamoasi bilan uchrashdi. Keskin kurashlar ostida o‘tgan uchrashuv yakunida Nukus tumani futbolchilari maydon egalarini 0:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchinchi o‘rinni Qo‘ng‘irot tumani jamoasi egalladi.
Mini futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqaning finalida Qorao‘zak va To‘rtko‘l tumanlari jamoalari o‘zaro bellashdi va o‘yinning asosiy qismi 1:1 hisobi bilan yakunlandi. Penaltilar seriyasida esa omad qorao‘zaklik futbolchilarga kuldi, ular o‘z raqiblarini 4:3 hisobida mag‘lub etdi. Musobaqaning bronza medali uchun o‘tkazilgan o‘yinda Nukus shahri futbolchilari Ellikqal’a tumani jamoasini 7:1 hisobida mag‘lub etdi.
Qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada Amudaryo tumani jamoasi Nukus shahri futbolchilarini 3:2 hisobida yengib, oltin medal sohibiga aylandi. Uchinchi o‘rin shumanaylik qizlarga nasib qildi.
G‘olib jamoalar kubok, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
DXX kubogi g‘oliblarini taqdirlash marosimi san’at ustalarining gala konserti va yoshlar sayli bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri