Mamlakatimizda so‘nggi yillarda futbolga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarsida, yurtimiz yoshlar o‘rtasida turli futbol musobaqalari tashkil etilayotgani barchamizga ma’lum. Jumladan, mazkur musobaqalar orasida 2021 yildan buyon muntazam futbol hamda mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan Davlat xavfsizlik xizmati kubogiga yoshlarimiz qiziqishi yil sayn ortmoqda.
Ta’kidlash lozimki, joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘g‘il bolalar o‘rtasida futbol, yigit va qizlar orasida mini-futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqalarida 251 ming nafardan ortiq navqiron avlod vakillarini jamladi.
Mazkur usobaqalar dastlab aprel-may oylarida yurtimizdagi tuman, shaharlar kesimida birinchi bosqich bahslari o‘tkazilgan bo‘lsa, iyun-iyul oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida ikkinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Ulardan saralangan 42 ta jamoa DXX kubogining so‘nggi hal qiluvchi Respublika bosqichi19-23 avgust kunlari “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida o‘tkazilgan bo‘lsa, final o‘yini “Jar” stadionida bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha final bahsida Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahar “Abdurahmon Jomiy” mahallasi yoshlaridan iborat jamoa 1:0 hisobida Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumani, “Qoratepa” jamoasini taslim etib g‘olib bo‘ldi. Toshkent shahri jamoasi esa uchinchi o‘rindan joy oldi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilayotgan mini-futbol bo‘yicha DXX kubogining o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasidagi musobaqalar ham qizg‘in va murosasiz o‘tdi. Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Navoiy viloyati, Toshkent shahri va Samarqand viloyati jamoalari shohsupaga ko‘tarildi. O‘g‘il bolalar orasida Toshkent shahri, Samarqand viloyati hamda Qashqadaryo viloyati jamoalari kuchli uchlikdan joy oldi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Respublika bosqichida o‘g‘il bolalar o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha g‘olib bo‘lgan jamoalar mahallasiga mini-futbol maydoni, ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar uchun universal sport maydoni (basketbol va voleybol o‘yinlari uchun mo‘ljallangan), uchinchi pog‘onadan joy olgan jamoalar mahallasiga “Stritbol” (bir savatli ko‘cha basketboli) sport maydoni qurib beriladigan bo‘ldi. Qizlar musobaqasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar pul mukofoti bilan taqdirlandi.
[gallery-24929]
Bundan tashqari barcha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va turli qimmat baho sovg‘alar topshirildi.
Darvoqe, “Jar” stadionida o‘tkazilgan final uchrashuvida elimiz suygan sant’atkorlarning kuy va navolari musobaqa ishtirokchilari hamda muxlislar kayfiyatini yanada ko‘tardi.
Javohir Toshxo‘jayev, Almurod Mamadaminov (surat), O‘zA