Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“DXX kubogi”: g‘oliblar taqdirlandi
14:07 / 2023-07-31

Davlatobod tumanidagi “Navbahor” zaxira o‘yingohida “Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi” ning futbol bo‘yicha musobaqasining Namangan viloyati bosqichi nihoyasiga yetdi.

Ikkinchi bor o‘tkazilayotgan mazkur ommaviy musobaqaning hududiy bosqichlarida Namangan viloyatining 780 dan ziyod mahallasidan 24 mingga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Yoshlar uchun chinakam sport anjumaniga aylangan “Millionlar o‘yini”ning final uchrashuviga yetib kelgan Davlatobod tumani “To‘quvchi” MFY va Yangiqo‘rg‘on tumani “Yuqori Navkent” MFY jamoalari maydonda saf tortdi.  

Murosasiz kechgan o‘yinning asosiy va qo‘shimcha daqiqalarida darvozalar daxlsizligi saqlanib qolindi. G‘olib “penaltilar seriyasi”da aniqlandi. Yangiqo‘rg‘onlik futbolchilar bosh sovrin hamda “DXX kubogi”ning Respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin egasini aniqlab beradigan bahsda esa Uychi tumanining “Oqtosh” MFY jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etgan Pop tumanining “Marg‘izor” MFY jamoasi sovrindorlar safidan joy oldi.  

Mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilgan turnir ham muxlislarni o‘ziga birdek rom etdi. Final uchrashuvida Namangan shahri sharafini himoya qilgan “Dambog‘” MFY jamoasi Kosonsoy tumanining “Bog‘ishamol” MFY jamoasiga qarshi to‘p surdi. Mahorat bobida raqiblaridan har tomonlama ustunlikka erishgan dambog‘liklar 5:1 hisobida zafar quchib, viloyat bosqichi chempioni sifatida e’tirof etildi. Ular endilikda “DXX kubogi – 2023” o‘yinlarining Respublika bosqichiga boradi.  

Uchinchi o‘rin uchun kechgan bellashuvda Uychi tumanining “Yangi chek” mahallasi yoshlarini 1:0 evaziga yutgan To‘raqo‘rg‘on tumanining “Past Naymancha” MFY jamoasi ham g‘oliblik shohsupasidan o‘rin egalladi. Bu yildan start berilgan xotin-qizlardan iborat jamoalar o‘rtasidagi musobaqaning final bosqichida Uchqo‘rg‘on va Namangan shahri yoshlaridan ustun kelgan Uychi tumanining “Baland ariq” MFY jamoasi kubokka ega chiqdi.  

Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Alisher Erkayev “DXX kubogi” g‘olib va sovrindorlarga maxsus kubok hamda medallarni topshirdi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA