Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻydi
17:05 / 2020-08-29

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sirtqi boʻlimi uslubchisi fuqaroga oʻzini mazkur universitet dekani oʻrinbosari, deya tanishtirib, uning ishonchiga kiradi.


Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sirtqi boʻlimi uslubchisi fuqaroga oʻzini mazkur universitet dekani oʻrinbosari, deya tanishtirib, uning ishonchiga kiradi. 

Agar 1300 AQSH dollari bersa, uning tanishini universitetda yuqori lavozimda ishlovchi yaqin aloqalari orqali ikkinchi mutaxassislik boʻyicha sirtqi boʻlimga oʻqishga kiritib qoʻyishi mumkinligini aytadi. DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida universitet uslubchisi kelishilgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Andijon davlat universiteti oʻqituvchisi ham abituriyentni ushbu oliy taʼlim muassasasining jismoniy madaniyat fakultetining sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirishiga yordam berishni vaʼda qilib, undan 4000 AQSH dollari olgan vaqtida DXX Andijon viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Navoiy davlat pedagogika institutining marketing boʻlimi boshligʻi ham mahalliy fuqarodan uning tanishini mazkur institutning musiqa fakultetiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vada qilib, 3000 AQSH dollari talab qiladi. DXX Navoiy viloyati boshqarmasi hamda Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida marketing boʻlimi boshligʻi soʻralgan pulning yarmini, yaʼni 1500 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Sirdaryo viloyati boshqarmasining qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori Sayxunobod tumanidagi MCHJni 1,5 gektar sugʻoriladigan yer maydonini goʻyoki oʻzboshimchalik bilan egallab olishi natijasida, davlatga 779 mln. 559 ming soʻm miqdorda zarar yetkazganlikda ayblab, mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy sudga daʼvo arizasini kiritmaslik va zararni yopish evaziga ushbu MCHJ bosh hisobchisidan 500 AQSH dollari va 4 mln. soʻm talab qiladi. U mazkur pulni olgan vaqtida DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

DXX Andijon viloyati boshqarmasi va Prokuratura xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Boʻston tumani adliya boʻlimi bosh maslahatchisi fuqarodan 3000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi. U muqaddam sud tizimida ishlaganligi bois, ushbu pul evaziga fuqaroga nisbatan jinoyat ishlari boʻyicha Andijon viloyati sudi tomonidan koʻrilayotgan apellyatsiya ishini uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni vaʼda qilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjayli tumani tibbiyot birlashmasining bosh shifokori oʻrinbosari oʻzi faoliyat yuritayotgan birlashmaga ishga qabul qilish uchun fuqarodan 1000 AQSH dollari soʻraydi. DXX hamda Prokuratura xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida bosh shifokor oʻrinbosari kelishilgan mablagʻdan 700 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari doirasida ushbu noqonuniy ishlarga aloqador boʻlgan shaxslarni aniqlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.