French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DXX: Katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi
10:09 / 2023-01-31

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” YPX maskanida “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirildi.  

Natijada avtomashina haydovchisi bo‘lgan, Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi shaxs va unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro 10 ming 864 dona “Regapen” hamda 1 ming 995 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Toshkent shahriga olib ketayotganliklari ma’lum bo‘ldi.  

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Sergeli tumanida ushbu dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida Yashnabod tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan ayol va Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro ushlandi.  

Boshqa holatda esa Toshkent xalqa avtomobil yo‘lining Bektemir tumani hududidan o‘tgan qismida to‘xtab turgan “Kobalt” rusumli transport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning salonida bo‘lgan Farg‘ona tumanida yashovchi ikki fuqaro 5 ming 450 dona “Regapen” va 466 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Farg‘ona viloyatidan Toshkent shahriga olib kelganliklari ma’lum bo‘lib, ushbu dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.  

Yana bir holatda “Namangan – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina poytaxtga kiraverishdagi “Sharq” YPX maskanida to‘xtatilib tekshirildi. 

Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi ayolga tegishli sumkada 590 dona “Selofen” va 478 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. 

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida u mazkur dori vositalarini Toshkent shahrida kutib turgan, 1991 va 1997 yillarda Jizzax viloyatida tug‘ilgan ikki fuqaroga olib borib berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, Sergeli tumanida ushbu shaxslar ham dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Shuningdek, Chilonzor tumanidagi mehmonxonaning ular vaqtincha joylashgan xonasidan 137 dona “Selofen” va 11 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda  rasmiylashtirib olindi.  

Ta’kidlash lozimki, barcha kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari Qirg‘iz Respublikasidan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan. 

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

O‘zA