Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida og‘ir turdagi giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Xususan, “Toshkent-Andijon” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Neksiya 2” rusumli avtomashina Namangan viloyatining Pop tumanidagi “Sherobod” yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Andijon shahrida vaqtincha yashovchi, 1973 y.t. Qirg‘iz Respublikasi fuqarosiga tegishli 996 gr. “geroin” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyatining Bekobod tumani hududiga o‘tkazib berilgan ushbu ajal og‘usini mazkur shaxs Farg‘ona vodiysida sotishni rejalashtirgan.
Hozirda ushbu fuqaroga nisbatan DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha Boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zA