Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DXX: Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi
09:50 / 2023-01-25

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Beshariq tumanida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Damas” avtomashinasida Toshkent shahri tomon harakatlanib ketayotgan vaqtida to‘xtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 1 kg 329 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan Beshariq tumani hududiga o‘tkazilgan ushbu ajal og‘usi Toshkent shahrida sotilishi kerak bo‘lgan.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Dang‘ara tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi.

Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1974 y.t. ayol yonida 1120 dona “Gerika”, 400 dona “Selofen” va 198 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ayolning 2004 y.t. o‘g‘li boshqarib ketayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina ham to‘xtatilib tekshirilganda, uning yukxonasida 250 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.

Xususan, “Farg‘ona – Sirdaryo” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina Guliston shahriga kirish qismida to‘xtatilib tekshirildi.

Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Guliston shahrida yashovchi, 1995 y.t. fuqaroning yonida 274 dona “Regapen” va 33 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, u mazkur dori vositalarini Qo‘qon shahrida yashovchi, 1992 y.t. ayoldan sotib olganligi ma’lum bo‘lib, Qo‘qon shahrida ushbu ayol 50 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasini hamda 364 dona “Regapen” va 40 dona  “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Ta’kidlash lozimki, barcha kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari Qirg‘iz Respublikasidan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

O‘zA