Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) mamlakatimiz davlat chegarasida nazorat samaradorligini oshirish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga 40 ta videokuzatuv kameralarini topshirdi.
Ushbu uskunalar respublikamiz bo‘ylab asosiy chegara nazorat o‘tkazish punktlarida o‘rnatiladi. Bunda O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi strategik ahamiyatga ega “Ayritom” o‘tkazish punktiga ustuvorlik beriladi.
– YeXHT chegara qo‘shinlaridagi hamkorlariga zamonaviy kuzatuv uskunalarini taqdim etayotganidan mamnun, – deydi YeXHTning O‘zbekistondagi loyiha koordinatori, elchi Antti Karttunen. – Bu mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan sarmoyadir. “Ayritom” va boshqa asosiy chegara punktlarida o‘rnatiladigan kameralar monitoring jarayonini takomillashtirish, noqonuniy faoliyatni samarali aniqlash va o‘tkazish punktlarida xavfsizlikni ta’minlashda yordam beradi. Biz chegara qo‘shinlariga samarali hamkorlik va zahmatli mehnat uchun minnatdorlik bildiramiz. Qolaversa, ushbu loyihani amalga oshirishda ko‘rsatilgan moliyaviy ko‘mak uchun Amerika Qo‘shma Shtatlariga alohida tashakkur izhor etamiz.
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi xavfsizlik masalalari bo‘yicha koordinatori Patrik Prattning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar chegara qo‘shinlarining davlat chegarasi xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaydi.
– Sizning izchil sa’y-xarakatlaringiz O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek AQSHning manfaatlarini himoya qilishga yordam bermoqda. Topshirilgan uskunalar O‘zbekiston bilan transmilliy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli hamkorligimizning bir qismidir, – dedi P.Pratt.
Mazkur ko‘mak Germaniya, AQSH, Fransiya va Shvetsiya tomonidan moliyalashtirilayotgan YeXHTning “Afg‘onistondan kelib chiqadigan transchegaraviy muammolarga qarshi kurashishda O‘zbekistonning barqarorligini mustahkamlash” byudjetdan tashqari loyihasi doirasida ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, 4 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Bojxona institutining Qayta tayyorlash va malaka oshirish fakultetida loyiha ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. YeXHT, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi, DXX Chegara qo‘shinlari va Tashqi ishlar vazirligi mas’ullari ishtirok etgan tadbirda erishilgan natijalar muhokama qilinib, 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan yangilangan loyiha “yo‘l xaritasi” kelishib olindi.
Aziza Alimova, O‘zA