Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DXX Chegara qo‘shinlari: yetakchilar forumi samarali o‘tdi
12:02 / 2022-06-27

Mamlakatimizda 30 iyun – “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanadi. Sana doirasida “Yoshlar oyligi” tadbirlarini o‘tkazish an’anaga aylangan.

Mazkur oylik doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlaridagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilarining IV forumi  o‘tkazildi. Tadbir mamlakatimizning turli hududlaridagi Chegara qo‘shinlari harbiy qismlarida faoliyat olib borayotgan yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilarini bir joyga jamladi.  

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan forumning ochilish marosimida DXX Chegara qo‘shinlari mas’ul ofitserlari va hamkor tashkilotlar vakillari so‘z olib, bugun yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar, demokratik, siyosiy-huquqiy islohotlar, yaratilayotgan sharoit va qulayliklar xususida so‘z yuritdi.  

Uch kun davomida Chegara qo‘shinlaridagi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlari yetakchilari tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yoshlarda vatanparvarlik, mas’uliyat va javobgarlik hissini yanada kuchaytirish borasida kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.  

Forumning dastlabki kuni “DXX CHQ harbiy qismlaridagi Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti faoliyatini tashkil etishdagi muammolar va ularni bartaraf etish choralari” mavzusidagi davra suhbati bilan boshlangan bo‘lsa, shundan so‘ng ishtirokchilar o‘rtasida “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston kelajagining bunyodkori” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazildi. Kunning ikkinchi yarmida boshlang‘ich tashkilot yetakchilari o‘rtasida “Voleybol” sport turi bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.  

Forumning ikkinchi kunida qatnashchilar uchun O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi “Yoshlar press-klubi” da yetuk mutaxassislar ishtirokida “Konstitutsiyaviy islohotlar”, “Yoshlarga oid Davlat siyosati”, “Notiqlik bo‘yicha psixologik trening” va “Harakatlar strategiyasidan, Taraqqiyot strategiyasi sari” mavzusida mashg‘ulotlar o‘tkazildi.  

Forumning uchinchi kunida ishtirokchilar Ikkinchi jahon urushi yillarida qahramonlik ko‘rsatgan ajdodlarimizning yuksak vatanparvarlik namunalari bilan tanishish, ularning jasorati, matonatidan ibrat olish maqsadida  poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasida bo‘lishdi.  

Forum doirasidagi yorqin taassurotlarga boy tadbirlardan yana biri bu, shubhasiz “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi bo‘ldi. Davlat xavfsizlik xizmati Raisining o‘rinbosari – Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni hamda qo‘mondonlikning bir qator mas’ul ofitserlari ishtirok etgan tadbirda bugun Chegara qo‘shinlarida yoshlarga oid davlat siyosati ijrosi yuzasidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni o‘g‘il-qizlarning kelgusidagi rejalari, istak va muammolari bilan qiziqdi, yoshlar ham harbiylik sohasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.  

Tadbir doirasida “Eng ilg‘or boshlang‘ich tashkilot yetakchisi” tanlovining mamlakat bosqichi o‘tkazildi va g‘oliblar aniqlandi. Unga ko‘ra, 1-o‘rinni Samarqand viloyatidagi harbiy qismlarning birida xizmat faoliyatini olib borayotgan boshlang‘ich tashkilot yetakchisi kapitan Sardor Otaqulov 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qashqadaryo viloyatidan tashrif buyurgan kapitan Boburmirzo Rasuljonov 2-o‘rinni, Toshkent viloyatida harbiy qismlarning biridan tashrif buyurgan kapitan Ilyosbek Xolto‘rayev 3-o‘rinni egalladi.  

Har bir yosh e’tibordan chetda qolmay, esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi. Yorqin daqiqalar va yodda qolarli onlarga boy tarzda o‘tgan forum, Chegara qo‘shinlaridagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilarining kelgusidagi ish faoliyatini muvofiqlashtirishga, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

Forum Chegara qo‘shinlaridagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilarining kelgusidagi ish faoliyatini muvofiqlashtirishga, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

Forum ishtirokchilari kunning ikkinchi yarmida Alisher Navoiy nomidagi “Kinochilar uyi” da namoyish etilgan “Vatan ostonasi” badiiy filmining premerasida ishtirok etdi. 

Farida BOBOJONOVA,  Mayor 

O‘zA