Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi hamda Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganligining uch yilligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Davlat xizmatlari agentligi tizimi xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tgan tadbirda boshqarma boshlig‘i Mahmudjon Abdijaliyev so‘z olib, barchani qo‘shaloq bayram bilan muborakbod etdi. O‘tgan qisqa davr ichida mamlakatimizda tizim faoliyatini yo‘lga qo‘yish, xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish, xalqning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish borasida olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi.
Xususan, o‘tgan uch yil davomida birgina Andijon viloyatida aholi va tadbirkorlarga qariyib 1 million 700 mingga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatilganini ta’kidladi.
[gallery-371]
Bundan tashqari, tuman, shahar davlat xizmatlari markazlari faoliyatini takomillashtirish, yangi binolar bilan ta’minlash, moddiy-texnika bazasini mustakamlash bo‘yicha ham e’tiborga molik ishlar olib borilayotgani qayd etildi. Jumladan, viloyatda Andijon, Baliqchi, Marhamat, Bo‘ston, Ulug‘nor va Shahrixon tumanlari davlat xizmatlari markazlari uchun zamonaviy yangi binolar qurib berilganligi, ana shu tumanlarda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati tubdan yaxshilanganligi aytib o‘tildi.
Umuman, bu borada olib borilayotgan ishlar ko‘lami yildan-yilga ortib bormoqda, xato va kamchiliklar ham yo‘q emas. Lekin ushbu tizim odamlarning vaqtini, mablag‘ini tejashga, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga yordam berayotgani, davlat xizmatlari markazlari faoliyatidan xalqimizning ko‘ngli to‘layotganini alohida e’tirof etish o‘rinli.
Tadbir yakunida tizimda namunali faoliyat olib borayotgan bir guruh xodimlar, shuningdek, bu boradagi ishlarni targ‘ib etishda faollik ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA