Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DXM bozorda: 300 ta xizmat, 1000 dan ortiq huquqiy yordam ko‘rsatildi
14:33 / 2021-10-11

10 oktyabr kuni viloyatimizdagi barcha dehqon bozorlari hamda yirik savdo majmualarida “O‘zimiz keldik” loyihasi doirasida 16 ta tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari hamda 23 ta FHDYO bo‘limlari tomonidan sayyor qabullar tashkil etilib, fuqarolarning murojaatlari tinglandi, deb xabar bermoqda Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.

Shuningdek, davlat xizmatlari va FXDYO sohasiga oid xizmatlar sayyor tartibda ko‘rsatildi.

Jumladan, Samarqand shahridagi “Siyob dehqon bozori”da shahar davlat xizmatlari markazi xodimlari mobil avtobus orqali 100 nafardan ortiq fuqaroga bepul huquqiy maslahat berdi, 28 nafar fuqaro davlat xizmatlaridan foydalandi.

– Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholining davlat xizmatlaridan erkin foydalanishlariga sharoit yaratish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, – deydi Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i M.Qurbonov. – Umuman, keyingi vaqtda joylarga chiqqan holda, “mahallabay” xizmat ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Samaradorlikni oshirish maqsadida ko‘plab davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilyapmiz.

“Urgut savdo kompleksi”da ham “O‘zimiz keldik” loyihasi uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Urgutlik 120 nafar aholiga bepul huquqiy maslahat, 30 nafar fuqaroga davlat xizmatlari sayyor tartibda ko‘rsatildi. Xususan, ko‘plab fuqarolarning nikoh, tug‘ilish bilan bog‘liq muammolari shu joyning o‘zida ko‘rib chiqilib, bartaraf etildi.

– Attorlik buyumlari savdosini yo‘lga qo‘yganman, – deydi payariqlik N.Muqimova. – Tadbirkorlik faoliyatimni qonuniylashtirish masalasida muammolarim bor edi. Tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari bozorga kelib, sayyor qabul o‘tkazgani ayni muddao bo‘ldi. Barcha muammolar shu yerning o‘zida hal bo‘ldi va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tdim.

Umuman, sayyor qabullarda viloyat bo‘yicha 300 dan ortiq davlat xizmatlari, shuningdek, mingdan ortiq huquqiy yordam ko‘rsatildi.

“O‘zimiz keldik” loyihasi 17 oktyabr kuni ham soat 9:00 dan 15:00 gacha viloyatning barcha dehqon bozorlari hamda yirik savdo majmualarida o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

G‘.HASANOV, O‘zA