Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Davlat bojxona qo‘mitasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i v.b. Husan Tangriyev sohada qonunchilikka kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar haqida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bojxona kodeksidagi 71 ta moddaga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, 11 ta yangi modda bilan to‘ldirildi, 1 ta modda chiqarib tashlandi.
O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 1 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan Bojxona kodeksiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Kodeks bilan bojxona rasmiylashtiruvi muddati 3 kundan 1 kunga qisqartirildi.
Chunki, sohaga xavfni boshqarish tizimi joriy etilgandan so‘ng rasmiylashtiruv vaqti importda 3 barobarga va eksportda 2 barobarga qisqartirilishiga erishildi. Tovar va transport vositalarini tegishli bojxona rejimlariga joylashtirish maqsadida talab etiladigan ruxsatnomalar berish tartibi bekor qilindi.
Qayta ishlash natijasida hosil bo‘ladigan tovarlarning chiqish normasini vakolatli shaxslar tomonidan belgilanishi joriy etilmoqda. Bunga qadar qayta ishlash me’yorlari vakolatli idoralar tomonidan belgilanganligi sababli, tadbirkorlardan ortiqcha hujjatlar talab etilishiga sabab bo‘layotgan va rejim imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanishga to‘sqinlik qilayotgan edi.
Tovarlarni tasniflash bo‘yicha dastlabki qarorni ular chiqarib yuborgunga qadar qabul qilish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, bojxona omborining, boj olinmaydigan savdo do‘konining va erkin omborning faoliyatini litsenziyalash hududiy boshqarmalar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasining turistik salohiyatini oshirish maqsadida boj olinmaydigan savdo do‘konining yangi uchinchi turi tashkil etildi. Natijada bojsiz savdo qiluvchi “Duty Free” do‘konlari nafaqat aeroportlarda, balki qadimiy shahar va viloyatlar markazlarida ham faoliyat yuritadi. Bu esa mamlakatda shoping-turizm rivojlanishiga imkon beradi.
Qonun bilan tashuvchi yoki tovar jo‘natuvchilar tomonidan qo‘yilgan plomba va muhrlarni bojxona organi tomonidan tan olishning huquqiy asosi belgilandi. Shuningdek, Bojxona kodeksida bojxona to‘lovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi – Yagona bojxona to‘lovini undirishni nazarda tutuvchi normalar belgilandi.
Bojxona kodeksida vakolatli iqtisodiy operator institutiga tushuncha berib o‘tildi. Hozirda respublikada 40 dan ziyod tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini beruvchi vakolatli iqtisodiy operator maqomiga ega hisoblanadi. Bojxona kodeksida axborot tizimlari yordamida bojxona organi ishtirokisiz bojxona operatsiyalarini amalga oshirishning huquqiy asosi mustahkamlab qo‘yildi.
Hozirda bojxona organlaridagi mavjud “Avtomatlashtirilgan tarzda chiqarib yuborish” axborot tizimi ko‘magida xavf darajasi past bo‘lgan ya’ni yashil yo‘lakka yo‘naltirilgan bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik ravishda inson omilisiz bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda. Bunga esa o‘rtacha 2 daqiqadan 5 daqiqagacha vaqt sarflanmoqda.
Bojxona kodeksida bojxona va tadbirkorlar o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha yangi tizim ham o‘z ifodasini topdi. Endilikda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida tadbirkorlik sub’ektlari bilan vujudga keladigan nizoli holatlarni sudgacha tartibda, ya’ni bojxona organlarida joriy qilingan Appelyatsiya kengashlari tomonidan ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yiladi.
Bu esa mavjud nizolarni dastlab bojxona organlarida hal etish va bu orqali sudda ko‘rilayotgan nizolarni o‘rtacha 2 barobarga qisqartirish imkonini beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA