Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dushanbeda o‘zbek rassomining shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi
14:01 / 2025-10-09

Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida o‘zbekistonlik taniqli grafik rassom, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori Asliddin Kalonovning “Tasvirlarda do‘stlik aksi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazma doirasida rassomning 60 dan ortiq eng sara grafik asarlari namoyish etildi. Ekspozitsiyadagi har bir asar san’atkorning o‘ziga xos tasviriy ifoda vositalari, uslubiy izlanishlari va milliy ruhni badiiy tilda ifodalashga bo‘lgan yondashuvini aks ettiradi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasining Tojikistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Fayzulla Inoyatov, Tojikiston Rassomlar uyushmasi raisi Nargiz Hamidova so‘zga chiqib, Asliddin Kalonovni samimiy tabrikladi, uning ijodiy mehnatiga yuksak baho berdilar.

Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy va ijodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, grafik san’atning zamonaviy yutuqlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Asliddin Kalonov Tojikiston Rassomlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi va unga rasmiy guvohnoma tantanali ravishda topshirildi. Bu voqea san’at sohasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va madaniy hamjihatlik ramzi sifatida alohida e’tirof etildi.

“Tasvirlarda do‘stlik aksi” bu nafaqat shaxsiy ijodiy namoyish, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro tushunish va madaniy muloqotni yuksaltirish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biridir.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA