Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dushanbeda Navoiyxonlik tadbiri tashkil etildi
16:56 / 2021-02-08

Ulug‘ shoir, mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan dunyoning turli mamlakatlarida adabiy va madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrining markazida joylashgan Mir Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida ham respublika hukumatining o‘zbek tilidagi nashri - «Xalq ovozi» gazetasi tashabbusi bilan navoiyxonlik tadbiri tashkil etildi.

– So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi arafasida ushbu muhtasham bog‘da navoiyxonlik tadbirining o‘tkazilayotgani quvonchli holdir. Hazrat Navoiyning bebaho asarlari dunyo ahlini hayratga solgan. Shu boisdan bo‘lsa kerakki, Tojikiston Prezidentining shaxsiy tashabbusi bilan mamlakatimiz poytaxti – Dushanbe shahrida mana shunday go‘zal va muhtasham bog‘ barpo etildi. Bu albatta, shoir ijodi va asarlari hamda ulug‘ mutafakkirlar – Jomiy va Navoiy do‘stligiga bo‘lgan hurmat va ehtirom belgisidir, - dedi «Xalq ovozi» gazetasi bosh muharriri Yoqubjon Abdumanonzoda.

Tadbir ishtirokchilari o‘zbek mumtoz adabiyoti asoschisi Alisher Navoiy hayoti, ijodi, faoliyati va o‘zbek-tojik xalqlari do‘stligini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi borasida so‘z yuritdilar.

Tojikistonlik o‘zbek shoiri Erkin Shukur Navoiyning serqirra ijodi, nazmiy, nasriy va tasavvufiy asarlari xususida so‘zlar ekan, ulug‘ mutafakkir, nafaqat, o‘zbek tilida, balki Foniy taxallusi bilan tojik tilida ham qalam tebratib, «Devoni Foniy» asari chop etilganligiga urg‘u berdi.

«Xalq ovozi» gazetasining adabiyot bo‘limi mudiri, shoir Abdullo Saidov esa, Navoiy va Jomiy do‘stligi haqida so‘zlab, shoir tavalludi munosabati bilan gazetada Navoiy g‘azallaridan namunalar va turkum maqolalar berib borilayotganiga e’tibor qaratdi.

Yana bir o‘zbek zabon ijodkor Iskandar Mahmadaliyev Navoiy asarlarining Tojikistonda ham sevib o‘qilishi, tojik navoiyshunoslarining bu boradagi ilmiy izlanishlari va umuman, Alisher Navoiy nomini abadiylashtirish maqsadida ko‘cha-yu xiyobonlar, maktablar va boshqa muassasalarga shoir nomi berilganini qayd etib o‘tdi.

Navoiyxonlik tadbirida ishtirokchilar tomonidan shoirning o‘zbek va tojik tillaridagi g‘azallaridan namunalar o‘qildi.

 

Zuhriddin Umarov,  

O‘zA uchun maxsus. Tojikiston