Dushanbe meri Rustam Emomali 9 mayda poytaxtda istiqomat qilayotgan Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilariga 3 ming somoni (taxminan 240 dollar) berish bo‘yicha topshiriq berdi, deyiladi shahar hokimiyati matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
Urush paytida front ortida korxonalarda kamida olti oy ishlaganlar 800 somoni (taxminan 64 dollar) oladi. Ushbu to‘lovlarni Chernobil AES halokati va Afg‘onistonda kechgan urush oqibatida nogiron bo‘lib qolganlar hamda respublika konstitutsiya tuzumini himoya qilishda halok bo‘lganlarning oilalari ham oladi.
Tojikiston urush va mehnat veteranlari kengashining ma’lum qilishicha, Dushanbeda hozir to‘qqiz nafar veteran bor. Umuman, Tojikistonda aprel oyi holatida jami 59 nafar urush qatnashchilari qolgan. Ular bir yil avval 98 kishini tashkil etardi.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston faxriylari boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda nisbatan ko‘proq to‘lovlar oladi.
Bu yil Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolar 15 million so‘mdan (taxminan 1 ming 340 dollar) oladi.
Bu, Ozarbayjon, Belarus, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya va Tojikistonga nisbatan yuqori.
Yana shuni ham ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda to‘lovlar miqdori yildan-yilga oshib bormoqda. Masalan, 2017 yilda bu mablag‘ 2 millionni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib 12 million so‘mni tashkil etgan edi.