Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dushanbeda Alisher Navoiyning tavallud ayyomi nishonlandi
18:36 / 2022-02-09

Bugun so‘z mulkining sultoni – Mir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi dunyo bo‘ylab keng nishonlanmoqda.

Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi elchixonasida adabiy tadbir tashkil etildi. 

Unda elchixona rahbariyati, shoir-u yozuvchilar, olim-u jurnalistlar va talabalar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ergash Shoismatov tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, Mir Alisher Navoiyning ijodi, hayoti va asarlari bugun dunyo miqyosida keng o‘qib-o‘rganilayotganini qayd etdi. 

Shu o‘rinda, Tojikiston Respublikasi hukumati nashri – «Xalq ovozi» gazetasi bosh muharriri Yoqubjon Abdumanonzoda ulug‘ mutafakkir bobomizning hayoti borasidagi qiziqarli ma’lumotlar haqida to‘xtalish barobarida, yurtimizda ham shoirga nisbatan katta ehtirom va hurmat ko‘rsatilganligini ta’kidladi.

– So‘nggi yillarda ikki qo‘shni davlat rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi va tashabbusi bilan qardosh xalqlar do‘stligi yanada sayqal topdi. Buni barcha sohalarda kuzatish mumkin. Xususan, Tojikiston Prezidentining bevosita tashabbusi bilan mamlakatimiz poytaxti – Dushanbe shahrining markazida Mir Alisher Navoiy nomidagi madaniyat-istirohat bog‘i tashkil etildi. Uning ochilish marosimida esa, Tojikiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Emomali Rahmon va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevlarning bevosita ishtirok etishi esda qolarli voqea bo‘ldi, - dedi Yoqubjon Abdumanonzoda.

Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a’zosi, «Adabiyot» fondi direktori Akbar Abdullo shoir ijodi haqida so‘zlar ekan, uning davlat arbobi sifatidagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratdi. Alisher Navoiy Bosh vazir o‘laroq  davlat ishlari bilan shug‘ullanish barobarida, ilm-fan, adabiyot va madaniyat ahlini qo‘llab-quvvatlagani, bu sohalarning rivoji uchun katta imkoniyatlar yaratib berganligini yana bir bor eslab o‘tdi.

Navoiyni bugun butun dunyo o‘rganmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda navoiyshunoslik maktablari shakllanib ulgurgan. Jumladan, bizning yurtimizda ham. 

Tojikistonda Navoiyni o‘rganish va navoiyshunoslik borasida maxsus maktab shakllangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tojikiston Davlat pedagogika universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Rajabali Xidirov o‘z ma’ruzasida yuqoridagi mavzuga alohida to‘xtaldi.  Navoiyni o‘rganish Navoiy zamonidan boshlangan edi, – dedi  u. – Shoirning ustozi Abdurahmon Jomiy o‘z davridayoq Navoiy haqida ko‘plab ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Qolaversa, Davlatshoh Samarqandiy, Xondamir, Mirxondning asarlarida ham Navoiy haqida iliq fikrlar yozilgan.

Tojikistonda navoiyshunoslikning shakllanishiga munosib ulush qo‘shgan tojik olimlari Sharifjon Huseynzoda, Abug‘ani Mirzoyev, Abduqodir Maniyozov, Muhammadvafo Baqoyevlar qatorida yurtimizdagi o‘zbek  - filologiya fanlari doktorlari, professorlar Ergashali Shodiyev, Abdusalom Abduqodirov, Vahhob Rahmonovlarning xizmatlari ham yuksak baholandi. 

bugungi kunda esa, Baxtiyor Fayzulloyev, Olimjon Abdulloyev, Mavlonberdi Suyunov kabi olimlar Navoiyni o‘rganish borasida ilmiy izlanishlar olib borayotgani ta’kidlandi. 

Tadbirda o‘zbekistonlik olimlar ham ishtirok etishdi. Jumladan, Termiz Davlat universiteti prorektori Obid Shofiyev, o‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Botir Oqbo‘tayev, xorijiy tillar filologiyasi dekani Abdulla Xudoyqulov, tojik  filologiyasi va sharq tillari kafedrasi dotsenti Ilhom Eshonqulovlar Alisher Navoiy ijodi haqida ilmiy ma’ruzalar qilishdi. 

Tadbir davomida talabalar tomonidan shoir ijodidan namunalar o‘qildi. 

O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi elchixonasida Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan tadbir yakunlangandan so‘ng, o‘zbekistonlik mehmonlar «Xalq ovozi» gazetasi redaksiyasida mehmon bo‘lishdi.      

Zuhriddin UMAROV, «Xalq ovozi» gazetasi muxbiri
Tojikistondan O‘zA uchun maxsus