English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Duolari ijobat otaxon (+video)
14:26 / 2024-05-08

Urush boshlanganida Vodil qishlog‘idan mehnatda toblangan sara yigitlar birinchilardan bo‘lib jangga otlandilar. Ular orasida bir oiladan uchovlon Mirzakamol, Islomjon va Xotamtoylar bor edi. O‘shanda endi o‘n besh yoshga to‘lib, mo‘ylabi sabza urgan oilaning kichigi Orifjon ham harbiy komissariyatga bordi.

–Akamlar bilan men ham ketaman, - dedi u. Ammo uni qo‘yishmadi. Urush esa tugamas edi. 1943-yil kuzida Orifjon ko‘ngilli bo‘lib frontga jo‘nadi.  

–Akalarim uchun o‘ch olaman, - derdi u g‘azabini yashira olmay.  

Ha, uch aka-uka urushning dastlabki kunlaridan jangga kirib qaxramonlarcha halok bo‘lganlari haqidagi “qora xat” uni larzaga solgandi.  

–Sobir Rahimov dviziyasiga olishdi, meni, – deya eslaydi Orifjon ota. –Ketish arafasida bir oygina Qo‘qonda tank boshqarishga o‘rgatishdi. To urush tugaguncha tankda jang qildim. Fashist gazandalar ustidan g‘alaba qozonilgach Berlinga bayroq tikildi. Nemislar poytaxti ko‘chalaridan tankda mardonavor o‘tganlar safida bo‘ldim.  

Orifjon ota urushdan qaytgach xo‘jalikdagi birinchi traktorni boshqara boshladi. Uni lavozimlarga taklif etishdi, lekin traktoridan 40-yilgacha ayrilmadi.  

– Farg‘ona–Vodil oralig‘idagi qir-adirlar o‘rnida bog‘ yaratdik, - deydi faxr bilan otaxon.  

Orifjon Mo‘minov nomi, u ko‘rsatgan qahramonliklar bir necha kitoblarga kirgan.  

– Men davlatimiz, prezidentimizdan benihoya xursandmand. Bizga hamisha mehribonlik ko‘rsatadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvim esa bir umrlik quvonchli xotira bo‘ldi.  

Ha, urush ishtirokchilari ardoqda. Davlatimiz Orifjon otani oilasi bilan hajga ham yubordi.  

Tinib-tinchimas otaxon o‘z hovlisida malinazor yaratgan. Endi uning ishlarini nabiralari davom ettirmoqda.  

Yuz yoshni qarshilagan Orifjon Mo‘minov oila a’zolari, nevara-chevaralari, el-yurt izzatida.  

–O‘zbekistonimiz gullab-yashnasin, xalqimiz tinch, davlatimiz rahbari omon bo‘lsinlar, - deya duo qiladi Orifjon ota.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/Jk0jkjeCXhU" title="DUOLARI IJOBAT OTAXON" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

 

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), Ibrohim Dushanov, O‘zA