Hozirgi Kombodjadagi Ankor yodgorliklari majmuasini olim va mutaxassislar dunyo mo‘’jizalaridan biri deb ataydilar. Bu bejiz emas. Dunyo xalqlari va me’morchiligi tarixiga qiziqqan sayyoh borki, u Kombodjaga, Ankor yodgorliklar majmuasini bir bor bo‘lsada ko‘rishga intiladi.
Ankor Kombodjaning Siyemrep shahri yaqinidagi mamlakatning qadimiy poytaxti. 240 kvadrat kilometr maydonda 239 ta saroy va ibodatxonalar VIII-XI asrlar davomida qurilgan. Ularning eng yirigi va mukammal saqlangani jungli qalin o‘rmonlaridagi Ankor Vat imperator saroyidir. Uni Hindixitoy imperatori Surbyavarmon II qurdirgan. Bu saroy o‘z davrining mo‘’jizaviy inshooti bo‘lgan. U egallagan maydon 1500x1300 metr bo‘lib, hashamatidan nafaqat til, balki ko‘z ham lol qolgan. 5 ta qubbali 5 qavatli saroy devorlarida yaxlit tosh bo‘laklariga haykallar va manzaralar g‘oyat nozikta’b bilan o‘yib ishlangan. Tarixchilar saqlanib qolgan ayrim lavhalarga qarab, bu ulkan inshoot tilla, qimmatbaho toshlar, yo‘lak va shift esa o‘zidan ifor taratib turuvchi temir daraxtlaridan qoplanganini ta’kidlashadi.

XIII-XIV asrgacha kxmerlar imperiyasini boshqargan shoh, imperator borki, kimo‘zarga junglining quyuq o‘rmonlarida birin- ketin saroy va ibodatxonalar quravergan. Buddizm hukmron bo‘lgan kxmerlar mamlakatida haligacha buddalar saqlanib qolgan va uning poyida monaxlar ibodat amallarini bajarishayotganini ko‘rish mumkin.

Kxmerlar Ankor Vatdagi besh minorani beshta tog‘ va mamlakatni boshqargan imperatorni esa tog‘lar xudosi deb qabul qilganlar.
Ankor Vatning yuqori qavatida to‘rtta hovuz bo‘lib, undagi hayot suvida cho‘milgan imperator quvvat olgan, deyiladi afsonalarda.

Ankor Vat saroyining o‘zida 1200 dan ziyod xonalar bo‘lib, eng qizig‘i shundaki, ular o‘tgan asrlar davomida yaxshi saqlangan. Darvoqe, XIV asrga kelib kxmerlar imperiyasi inqirozga uchraydi va aholi bu yerlarni tashlab ketadi. Ankor Vat junglining qalin o‘rmonlari ichida unutilib qolib ketadi. Oradan besh yuz yil o‘tib, XIX asrga kelib, Kompuchiyani Fransiya egallab olgach, 1861 yilda biolog olim Anri Muo tasodifan Ankor Vat qarshisidan chiqib qoladi. Keyinchalik Ankor majmuasining o‘rmonga “yashiringan” yana 238 ta inshooti topiladi.

Bu inshootlar toshdan qurilgan bo‘lsada, dunyodagi eng qimmat va eng qattiq, ba’zida uni temir daraxt ham deyishadi, daraxtlar ildizidan zarar ko‘rgan. Qudratli tosh ildizlar binolarni yorib yoki ustini, atrofini chimrab olgan.

Xo‘sh, bu kichik hikoyadan xulosalar qanday? Bundan o‘n uch asr ilgari odamlar nihoyatda iqtidorli bo‘lganlar. Masalan, birgina Ankor Vatdagi o‘n mingdan ziyod haykallarning birontasidagi siymo ikkinchisiga o‘xshamaydi. Va nihoyatda yuksak san’at asari sifatida yaratilgan. Ikkinchi xulosa shundayki, o‘sha davr rahbarlari nihoyatda aqlli bo‘lishgan. Inshootlar, saroy, ibodatxonalar ming yillardan keyin ham o‘z davridan xabar berib turadigan toshlardan bunyod etilgan. Holbuki Kompuchiyada toshli tog‘lar yo‘q. Uni boshqa o‘lka, mamlakatlardan keltirganlar. Bu obidalarning yana bir fazilati bor. Ular geometrik o‘lcham jihatidan bir santimetrga bo‘lsada aniqlikni buzmaydi.
Ankor Vat majmuasi, shubhasiz, anglash, tasavvurga sig‘dirish qiyin bo‘lgan haqiqatlarning, olimlar tili bilan aytsak, mo‘’jizalarning biri. Anri Muo “bu inshootlar bunyod etilishida ilohiy kuchlar ta’siri sezilib turadi”, deb yozgan o‘z hisobotida. Bugun ana shu mo‘’jiza bilan ro‘baro‘ bo‘lish uchun dunyoning barcha burchaklaridan yiliga 2 milliondan ortiq mutaxassis, olim, sayyoh kelmoqda Ankorga. Ular orasida o‘zbekistonlik, farg‘onalik jurnalistlar guruhi ham bor.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NL_k2gxwMio" title="Dunyoning yana bir mo‘jizasi bilan yuzma- yuz" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, O‘zA
Toshkent – Siyem Rep (Kombodja).
Dekabr, 2025 y.