English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoning qay burchagida jinoyat sodir etilsa, bu jarayonda yoshlarning «qo‘lidan» foydalanilyapti
16:56 / 2021-01-04

Darhaqiqat, bugun dunyo ko‘zda halqalangan yoshdek qalqib turgan bir paytda yoshlarni chalg‘ituvchi, ularni o‘z domiga tortishni istovchi turli kuchlar ko‘payib boryapti. Eng achinarlisi, dunyoning qaysi burchagida biror jinoyat sodir etilsa, albatta, bu jarayonda yoshlarning «qo‘lidan» foydalanilyapti.

Davlatimiz rahbari 2021 yilni «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash» yili deb e’lon qilishi munosabati bilan butun O‘zbekistonni olqishlar tutib ketdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Yoshlar tarbiyasi har bir davrning o‘ta dolzarb masalasi bo‘lib kelgani ayni haqiqat. Muarrixlarning yozishicha, Gerodot Sharqqa qilgan safarlari chog‘ida Misr ehromlaridagi bir bitikka ajablangan: «Yoshlarning tarbiyasi buzilib ketyapti. Nima qilish kerak?!”

Muarrix bu yozuvni o‘qiganiga ham ikki ming yildan oshib ketdi. Yozuvning bitilganiga esa, kim bilsin, qancha vaqt bo‘lgan?! Demak, yoshlar masalasi hamisha o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan, bunga hamma davrlarda ham turli darajada munosabat bildirilgan ekan-da.

Islom ta’limotida yoshlar tarbiyasi juda muhim o‘rin tutadi. Islomning dastlabki o‘n uch yilida, ya’ni Makka davrida Muhammad sollallohu alayhi vasallam insonlarning ongu shuuriga Allohning yakkayu yagonaligini singdirish barobarida ularga odob-axloq masalalarini o‘rgatishga alohida e’tibor qaratganlar. Bu borada o‘z yonlariga 8–16 yoshli (Ali, Talha, Zubayr) kabi ko‘plab yoshlarni olib, avvalo, ularning ta’lim-tarbiyasiga alohida ahamiyat berganlar.

Hadisi sharifda: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar», deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumid din» kitobida bunday deyiladi: «Bola – ota-ona qo‘lidagi omonat. Uning qalbi turli naqsh va rasmlardan xoli. Qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, saodatli bo‘ladi. Ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya bergan ustozlar uning savobiga sherik bo‘ldi. Agar yomonlikka undalsa, halok bo‘ladi».

Buyuk vatandoshimiz shayxurrais Abu Ali ibn Sino yosh avlod tarbiyasining ibtidosi qanday va nimalar bilan bo‘lishi haqida quyidagilarni aytgan edi: «Yosh bola boshlang‘ich ta’lim va tilga doir qoidalarni yod olganidan keyin u mashg‘ul bo‘lishi mumkin bo‘lgan kasb-hunar va san’atga moyilligiga qarab, uni shunga yo‘llaymiz. Agar u kotiblikni xohlasa, til, xat yozish, nutq so‘zlash va odamlar bilan muomala qilish kabilarga dalolat qilamiz. Albatta, bu o‘rinda, bolaning mayli ahamiyatga ega» («Islomiy tarbiya va uning falsafasi». Muhammad Atiya, 197-bet).

Bundan roppa-rosa bir asr oldin ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy tarbiya haqida kuyinib bunday degan: «Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur, degan savol keladur. Bu savolga javoban: birinchi – uy tarbiyasidur. Bu onalarning vazifasidur. Ikkinchi – maktab va madrasa tarbiyasidur. Bu otalar, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur.

Menga savol berurlar: qaysi onalarni aytursiz? Bilimsiz, boshi paxmoq, qo‘li to‘qmoq onalarnimu? O‘zlarida bo‘lmagan tarbiyani qanday berurlar? Qaysi ota? To‘ychi, uloqchi, bazmchi, do‘mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko‘zi qiymagan, zamondan xabarsiz otalarnimi aytursiz? Avval ularning o‘zlarini o‘qutmaklik kerakdur. Bu so‘zlar kishini yuragini ezar, bag‘rini yondirur...»

Yoshlar tarbiyasini – hayot-mamot masalasi, deb ta’riflagan mutafakkir naqadar haq ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Chunki tarbiyasi mo‘rt yoshlardan jamiyat, mahalla yoki oila uchun hech qanday naf yo‘q. Yoshlarning hayotda adashishi, tuzatib bo‘lmas xatolari tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xato yoki befarqlikning achchiq in’ikosidir.

Bu borada olib borilgan izlanishlarning aksari shuni ko‘rsatmoqdaki, tarbiyada, avvalo, ota-onaning hissasi katta. Bejiz payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: «Hech bir ota-ona farzandiga go‘zal tarbiyadan ko‘ra qimmatliroq meros qoldira olmaydi», demagan.

Muxtasar aytganda, mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Ularning ulg‘ayib, komil inson bo‘lishlari uchun yangi 2021 yilda ulkan imkoniyatlar eshiklari ochilishiga shubha yo‘q. Zero, muhtaram Yurtboshimiz Murojaatnomada buni har jihatdan bayon qilib berdi.

 

Nuriddin XOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi