2025 yil O‘zbekiston tashqi siyosati uchun omadli, samarali va faol kechdi. Dunyo davlatlari bilan o‘zaro teng huquqli va hamda manfaatli munosabatlar davom ettirildi. Ochiqlik va pragmatizmga asoslangan siyosat tufayli O‘zbekistonning tashqi sheriklar bilan munosabatlari mustahkamlandi. Mazkur yo‘nalishda erishilgan yutuqlar xususida bir qator mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchilari o‘z mulohazalarini bildirdi.
O‘zbekiston – ishonchli hamkor va yaqin do‘st
Aleksey Yerxov,
Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
Tarixga aylangan 2025 yil Rossiya-O‘zbekiston munosabatlari uchun haqiqiy ma’noda sermazmun va ahamiyatli bo‘ldi. Unda faol siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning kengayishi, gumanitar, madaniy va ta’lim aloqalarining chuqurlashuvi kuzatildi. Bizning o‘zaro hamkorligimiz o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish ruhida rivojlandi, bu Rossiya va O‘zbekiston xalqlarining intilishlariga to‘liq mos keladi.
Mamlakatlarimiz Prezidentlari o‘rtasidagi samimiy do‘stlik va iliq, konstruktiv munosabatlar muhitini alohida ta’kidlamoqchiman. Aynan ularning shaxsiy o‘zaro anglashuvi, ochiq va ishonchli muloqoti ikki tomonlama hamkorlikning butun majmuasiga yuksak sur’at bag‘ishlaydi hamda barqaror rivojlanish va fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan miqyosli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Rossiyada ishonchli hamkor va yaqin do‘st sifatida haqli ravishda katta hurmatga ega. Bizni umumiy tarix, yaqin insoniy aloqalar, barqarorlik, tinchlik va bunyodkorlikka intilish birlashtiradi. Ishonchim komilki, 2026 yilda bizning strategik sheriklik va ittifoqchiligimiz yanada mustahkamlanib, kelajak avlodlar manfaatlari yo‘lidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Ushbu bayram kunlarida O‘zbekistonning barcha fuqarolariga mustahkam sog‘liq, tinchlik va farovonlik, ertangi kunga ishonch, muvaffaqiyat va yangi yutuqlar tilayman. Yangi 2026 yil har bir xonadonga baxt, totuvlik va ravnaq olib kelsin!

“Erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, kelajakka yo‘l ochamiz”
Yuy Szyun,
Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rahbarligi ostida 2025 yil Yangi O‘zbekiston qurilishini jadallashtirish yili bo‘ldi va hayratlanarli yutuqlar bilan nishonlandi. Iqtisodiy o‘sish yuqori sur’atlarni saqlab qoldi, yalpi ichki mahsulot 140 milliard dollardan oshdi. Aholining turmush darajasi muttasil oshib bordi, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlar chuqurlashtirildi, buning natijasida ko‘rsatkich 5,8 foizgacha pasaydi.
Madaniyat va ta’lim faol rivojlandi, mamlakat sportchilari xalqaro maydonda yuqori natijalarga erishdilar.
O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvini, Parlamentlararo ittifoqning yubiley assambleyasini, YUNESKO Bosh konferensiyasini muvaffaqiyatli o‘tkazdi, BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, “Xitoy — Markaziy Osiyo” hamkorlik mexanizmi va mintaqaviy hamkorlikning boshqa shakllarida faol ishtirok etib, o‘z xalqaro obro‘sini muttasil mustahkamlab bordi.
2025 yil Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari uchun sermahsul yil bo‘ldi. XXR Raisi Si Szinpin va Prezident Shavkat Mirziyoyev “Xitoy — Markaziy Osiyo” ikkinchi sammitida, Tyanszindagi SHHT sammitida, shuningdek, Xitoy xalqining Yaponiya agressiyasiga qarshi urushdagi G‘alabasi va Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabasining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdilar va ikki marta uchrashuv o‘tkazdilar, bu esa munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy o‘zaro ishonch muttasil mustahkamlanib bordi, tomonlar asosiy manfaatlarga taalluqli masalalarda doimo bir-birlarini qo‘llab-quvvatladilar, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasidagi hamkorlik samarali rivojlandi, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik, hududlararo aloqalar yangi bosqichlarga ko‘tarildi. O‘zaro vizasiz tartib muvaffaqiyatli joriy etildi, bu odamlar o‘rtasidagi aloqalarni sezilarli darajada osonlashtirdi va Xitoy hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik konsepsiyasini mustahkamladi.
2026 yil Xitoyning 15-besh yillik taraqqiyot dasturini amalga oshirishning birinchi yili bo‘ladi. Xitoy tomoni yuqori sifatli taraqqiyot va ochiqlikning yuqori darajasi kursiga amal qilishni davom ettiradi, jahon taraqqiyotiga ijobiy turtki beradi va keng imkoniyatlar yaratadi. 2026 yilda O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 35 yilligini nishonlaydi, Yangi O‘zbekistonning rivojlanishi yangi bosqichga qadam qo‘yadi. Biz O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda ikki mamlakat taraqqiyot strategiyalarining o‘zaro uyg‘unligini mustahkamlashga, davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashishni chuqurlashtirishga, barcha yo‘nalishlardagi hamkorlik salohiyatini har tomonlama ochishga tayyormiz.
Bu Xitoy-O‘zbekiston hamkorligi natijalari mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladi, albatta.
Xitoy oy taqvimi bo‘yicha 2026 yil — ot yili bo‘lib, u olg‘a intilish, energiya va muvaffaqiyatni anglatadi. Do‘st O‘zbekistonga bundan buyon ham farovonlik va ravnaq, uning xalqiga baxt va salomatlik tilaymiz! Xitoy-O‘zbekiston munosabatlariga yanada porloq kelajak tilaymiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik abadiy bo‘lsin!
O‘zbekiston uchun chinakam sermahsul va ahamiyatli yil

Beybut Atamqulov,
Qozog‘istonning O‘zbekistondagi
Favqulodda va muxtor elchisi:
2025 yilda O‘zbekiston tashqi siyosat yo‘nalishida yuqori faollikni namoyish etib, xalqaro obro‘sini mustahkamladi.
Parlamentlararo ittifoq Assambleyasining yubiley sessiyasi va YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasi kabi yirik xalqaro tadbirlarning o‘tkazilishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi asosiy tortish markazlaridan biri sifatidagi rolini tasdiqladi, oliy darajadagi muntazam aloqalar esa xorijiy hamkorlar tomonidan O‘zbekistonga ishonch ortib borayotganining ishonchli dalili bo‘ldi.
Iqtisodiy rivojlanishda ham ta’sirchan natijalarga erishildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z Murojaatnomasida mamlakat YAIMning 145 milliard AQSH dollarigacha o‘sganini va 2025 yilda xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetganini e’lon qildi. Barqaror iqtisodiy o‘sish, keng ko‘lamli islohotlarning amalga oshirilishi, investitsiya muhitining yaxshilanishi va yangi loyihalarning ishga tushirilishi kelgusi taraqqiyot hamda fuqarolar farovonligini oshirish uchun mustahkam asos yaratdi. Bu yutuqlar olib borilayotgan siyosatning samaradorligini va mamlakat kelajagining strategik qarashini yaqqol aks ettiradi. Ayniqsa, Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlaridagi ijobiy dinamikani ta’kidlamoqchiman. Yil davomida hamkorligimiz izchil va mazmunli rivojlandi — faol siyosiy aloqalardan tortib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni kengaytirishgacha. Bu yil ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, u konstruktiv va mazmunli muhitda kechdi. Qo‘shma hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi alohida ahamiyat kasb etdi. Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumat rahbarlari ikki tomonlama masalalarning butun spektri bo‘yicha atroflicha fikr almashishdi.
Shubhasiz, eng muhim siyosiy voqea Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning 2025 yil noyabr oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi bo‘ldi. Uning yakunlari bo‘yicha 17 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. «Markaziy Osiyo» Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi ish boshladi — bu iqtisodiy hamkorlikda yangi bosqich ramzidir. Tashrif doirasida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi, unda noyob va kamyob yer metallari bo‘yicha ishchi guruhlarni tuzish, transchegaraviy daryolar suvini prognoz qilish to‘g‘risida muhim qarorlar qabul qilindi, Hududlar rahbarlari kengashi ta’sis etildi — bu hududlar darajasidagi muvofiqlashtirishning yangi formatidir. Bu barcha qadamlar Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlari ishonch, pragmatizm va mintaqa kelajagi uchun umumiy mas’uliyatga asoslangan yetuk va strategik sheriklik bosqichiga kirayotganidan dalolat beradi. Ishonchim komilki, yangi 2026 yilda ham biz barcha asosiy sohalarda — siyosat, iqtisodiyot va madaniyatda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘nalishini davom ettiramiz.
Yangi yil bayrami munosabati bilan qardosh O‘zbekiston xalqiga chin qalbimdan tinchlik, farovonlik, mustahkam sog‘liq va yangi muvaffaqiyatlar tilayman. 2026 yil har bir uyga nur, shodlik va ertangi kunga ishonch olib kelsin, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik bundan keyin ham butun mintaqada tinchlik va farovonlik uchun tayanch bo‘lib xizmat qilsin.

“Konstruktiv hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz”
Aleksandr Ogorodnikov, Belarus Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:
O‘tgan yil Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. U muhim ikki tomonlama voqealar va tadbirlarga boy bo‘ldi, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan ko‘p qirrali hamkorlik rivojiga sezilarli turtki berdik. Biz Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli bo‘lgan barcha asosiy sohalarda konstruktiv hamkorlikning mustahkamlanishini mamnuniyat bilan qayd etamiz.
Oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot izchil rivojlandi. Biz o‘zaro savdo va sanoat kooperatsiyasida yuqori natijalarga erishdik, hududlar hamkorligini kuchaytirdik. Ta’lim, madaniyat, turizm kabi gumanitar sohadagi hamkorlikka katta e’tibor qaratildi. 2025 yilda O‘zbekiston Respublikasida Belarus Respublikasi madaniyat va kino kunlari bo‘lib o‘tdi, bu tadbirlar hech kimni befarq qoldirmaganiga ishonaman.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekistondagi barcha hamkorlarimizga umumiy ishga qo‘shgan hissalari, tashabbuskorliklari va mas’uliyatlari uchun samimiy minnatdorchilik bildirmoqchiman, bular muvaffaqiyat garovi bo‘ldi.
2026 yil barchamiz uchun ezgu o‘zgarishlar, tinchlik va totuvlik yili bo‘lsin. U har bir oilaga farovonlik, to‘kinlik, quvonch va uyg‘unlik olib kelishini tilayman. O‘tayotgan yilda bizni xursand qilgan barcha yaxshiliklar davom etsin, Yangi yil kechasida tilagan orzular albatta, ushalsin.
Ishonamanki, Yangi yilda biz mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi uchun mazmunli muloqot va samarali hamkorlikni davom ettiramiz.
2026 yilingiz bilan!
O‘zA