Xorazm viloyati Xiva shahridagi “Arda Xiva” turistik majmuasida “Gilamlar jilosi” xalqaro gilam ko‘rgazmasi yakunlandi.
Xalqaro gilam festivali mamlakatimizda hunarmandchilik va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, gilamchilik sohasini rivojlantirish va milliy gilam mahsulotlari bozorini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi va Xorazm viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘rgazmada mamlakatning turli hududlaridan kelgan hunarmandlar, dizayner va tadbirkorlar bilan bir qatorda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Afg‘onistondan tashrif buyurgan gilamdo‘zlar, sohaviy olimlar hamda san’at mutaxassislari ishtirok etdi.
Ko‘rgazma doirasida hunarmandlar mahsulotlarining ko‘rgazma-savdosi, Xorazm xalfachiligi va etno-dizaynerlar liboslari namoyishini o‘z ichiga olgan madaniy dasturlar, mahorat darslari va ilmiy muloqotlar tashkil etildi.
– “Gilamlar jilosi” xalqaro ko‘rgazmasi milliy gilamchilik va to‘qimachilik an’analarini saqlab qolish, zamonaviy dizayn va ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish, hunarmandlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda gilamchilikni turizm bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan, – deydi respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzahmedov. – Ushbu tadbir milliy meros, mehnat an’analari va badiiy madaniyatning ajralmas qismi bo‘lgan gilamchilik san’atini keng jamoatchilik va butun dunyoga namoyon etdi.
Xalqaro gilam ko‘rgazmasida an’anaviy va zamonaviy interer gilamlari, tabiiy ipak hamda jundan tayyorlangan mahsulotlar namoyish etildi.
Aytish joizki, yurtimizning har bir hududida gilamchilik maktabi shakllangan. Xorazm gilamlari nozik va detalli naqshlari bilan, Samarqand, Farg‘ona ustalari ipak gilamlardagi yuqori mahorati bilan, Buxoro va Qashqadaryo maktablari esa milliy gilamchilik an’analarini boyitganligi bilan ajralib turadi.
Xorazm gilamchilik san’ati ham ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, arxeologik topilmalar miloddan avvalgi birinchi ming yillikka oid gilam namunasini tasdiqlaydi. Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Xorazmning Xiva gilamlari qadim-qadimdan Eronning “Sahabiylar gilami”, Turkman gilamlari yoki Xitoyning ipak gilamlari qatorida dunyoning eng qimmat gilamlari qatoriga kirgan. Viloyatda to‘qilgan gilamlarga hozir ham nafaqat O‘zbekistonda, balki Turkiya, Qatar, BAA va Rossiya kabi davlatlarda ham talab yuqori.
[gallery-25805]
“O‘zbekiston gilamdo‘zligi: an’ana va innovatsiya” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada sohadagi ilg‘or tajribalar, tabiiy bo‘yoqlar texnologiyasi, eksport imkoniyatlari va gilamchilikda yangi yo‘nalishlar muhokama etildi.
– Ajumanda eski yo‘qolib ketgan texnika va to‘qish usullarini, gilam bezaklari va ranglarini qayta tiklash borasidagi marg‘ilonlik usta-hunarmand Ilhom Davletovning ishlari barchada katta taasurot qoldirdi, – deydi san’atshunoslik fanlari doktori Masharif Abdullayev. – Ular o‘z oilasi bilan bundan bir necha yillar oldin unutilgan qadimiy “Jig‘iz”, “Baziriq” gilamlarini to‘qishni qayta amaliyotga joriy etishga erishgan. Shu o‘rinda xorazmlik hunarmand Madrahim Matkarimov gilamlarini ham e’tirof etish mumkin. U o‘z ishlanmalarida koshin va yog‘och o‘ymakorligidagi naqshlarni gilamlarga tushirish orqali o‘ziga xos san’at asarlari yaratmoqda. Qisqa qilib aytganda, mamlakatimizning barcha hududlaridagi hunarmandlar mahalliy an’analarni xalqaro bozorga chiqarishmoqda.
“Ichan-qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida gilamchilik ekspozitsiyalari, ustaxonalarga tashriflar, gilam to‘qish jarayonining jonli namoyishi va ustalar ishtirokida amaliy mashg‘ulotlardan iborat mahorat darslari o‘tkazildi.
Ikki kun davom etgan xalqaro gilamchilik festivali yakunida turli nominatsiyalar bo‘yicha eng faol ishtirokchilar aniqlandi.
“Qadimiy gilamchilik turini tiklagan usta” nominatsiyasi bo‘yicha uchinchi o‘rinni yurtdoshimiz Altinoy Naubetova egallagan bo‘lsa, ikkinchi o‘ringa Qirg‘izistondan kelgan hunarmand Bayankhon Teshaboyeva munosib ko‘rildi. Birinchi o‘rinni esa marg‘ilonlik usta gilamdo‘z Ilhom Davletov sazovor bo‘ldi.
– Men ipakdan to‘qiladigan gilamlarning qadimiy turlarini qayta tiklayapman. O‘n yil davomida to‘qigan gilamchamni “Ginnes” rekordlari kitobiga kiritmoqchiman, – deydi hunarmand Ilhom Davletov. –Chunki, Ozarbayjonda1998 yilda dunyodagi “eng kichik gilam” sifatida rekordlar kitobiga kirgan gilamchada bir santimetr kvadratga 1100 ta tugun tushgan. Mening asarimda esa bir santimetr kvadratga 2500 ta tugun tushgan.
Yosh bo‘lishiga qaramay, o‘zining iqtidori, mehnatsevarligi va milliy hunarmandchilik san’atiga bo‘lgan muhabbati bilan ajralib chiqqan ishtirokchilar o‘rtasida “Eng yosh hunarmand” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni ozarbayjonlik Afasadiq Sulaymonov, ikkinchi o‘rinni qozog‘istonlik Saparbay Aklu va uchinchi o‘rinni qirg‘izistonlik Chinora Golova egalladi.
Ularning har biri yosh avlod vakili sifatida an’anaviy hunarmandchilikni asrab-avaylash va rivojlantirishga bo‘lgan yondashuvlari bilan ko‘pchilikni hayratga soldi.
“Eng yaxshi gilamdo‘z” nominatsiyasi doirasida o‘zining mahorati, didi va milliy an’analarni aks ettirgan ijodiy ishlari bilan hunarmandlar Oybek Mingboyev (O‘zbekiston) uchinchi, Ulug‘bek Qosimov (O‘zbekiston) hamda Primqul Sattorqulov (Tojikiston) ikkinchi, mahalliy gilamdo‘z Madrahim Matkarimov (O‘zbekiston) birinchi o‘rin sohiblari bo‘lishdi.
Ko‘rgazmaning “O‘zbekiston gilamdo‘zlik san’atiga qo‘shgan munosib hissasi uchun” maxsus sovrini yurtdoshimiz Ibrohim Sultonovga taqdim etildi.
Ilk marotaba o‘tkazilgan “Gilamlar jilosi” xalqaro ko‘rgazmasi mamlakatimizda qadimdan milliy qadriyat sifatida rivojlanib kelayotgan gilamdo‘zlik an’analarini asrab-avaylash, ilmiy tadqiq etish, aholi hamda xorijiy sayyohlarning an’anaviy gilamdo‘zlikka qiziqishini uyg‘otish orqali xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA