Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoning malakali travmatolog va ortopedlari Namanganda yig‘ildi
13:31 / 2025-10-25

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan o‘tkazilayotgan “Travmatologiya va ortopediya muammolarini hal qilishda yangi yo‘nalishlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga Namangan viloyati mezbonlik qilmoqda.

Ushbu nufuzli anjumanda mahalliy mutaxassislar bilan birga Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlardan 270dan ziyod delegatlar, 60 nafardan ortiq yetakchi olimlar, jarroh va nufuzli ekspertlar ishtirok etmoqda.

Tadbir avvvalida Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkatjon Abdurazzoqov, sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, Respublika Ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, professor Murodjon Irismetov anjumanning ilmiy-amaliy ahamiyati haqida to‘xtalib, uning sohani rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berajagini ta’kidladi.

[gallery-25924]

Qayd etish darkor, xalqaro anjumanning aynan Namanganda o‘tkazilayotganligi ham bejiz emas. Keyingi yillarda viloyatda tibbiyotning ushbu tarkibiy yo‘nalishini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. 2008 yilda faoliyati to‘xtatilgan travmatologiya shifoxonasiga ehtiyoj katta ekanligiga Prezidentimizning 2023 yil fevral oyida Namanganga tashrifi chog‘ida alohida ahamiyat qaratildi. Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialini tashkil etish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga oid yo‘l-yo‘riqlar belgilab berildi. Shunga ko‘ra, sobiq endokrinologiya dispanseri o‘rnida xalqaro talablarga to‘la mos travmatologiya markazi qurilishiga kirishildi. Ikki yil ichida mavjud binoda qurilish ta’mirlash ishlari bajarildi. Shuningdek, laboratoriya, statsionar, diagnostika va davolash xizmatlari, tibbiy yordam ko‘rsatish, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari uchun ixtisoslashgan besh qavatli yangi bino qurib foydalanishga topshirildi. Buning uchun byudjet hisobidan 24,2 milliard so‘m sarflandi. Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun avstriyalik hamkorlar bilan birgalikda 10 million dollarlik kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. Natijada 10 mingdan ziyod bemorlarni statsionar sharoitda davolash, 40 mingga yaqin shikastlanganlarga ambulator xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.  

Dasturga asosan, xorijiy olim-shifokorlar o‘z ma’ruzalarida travmatologiya va ortopediya oldida turgan qator dolzarb masalalar, sohadagi yangiliklar, zamonaviy texnologiyalar, ilmiy hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan yangi tashabbus hamda amaliy takliflarni ilgari surmoqda.

– Namanganda shunday nufuzli anjumanga taklif qilinganimdan behad xursandman. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tibbiyot sohasida ham tobora rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, yurtingizda travmatologiya va ortopediya yo‘nalishida rivojlanish izchil davomiy etayotganligini e’tirof etish joiz, – deydi Hindistonning Dehli shtatidagi “Artemis” klinikasi professori, tajribali travmatolog-ortoped Oberoi Singx . – Konferensiyadan ikki kun avval bu yerdagi tibbiy markazda mahalliy shifokorlar bilan birgalikda uchta xirurgik jarrohlik amaliyotini o‘tkazdik. Buning natijasida bemorlardagi yelka, oyoq sinishlari va shunga o‘xshash jarohatlar bartaraf qilindi. Maqsadimiz kelgusida ham O‘zbekistonda ayni yo‘nalishdagi rivojlanish tendensiyasini ko‘rish.

Darhaqiqat, tadbir doirasida chet ellik mutaxassislar hamkorligida bemorlar tibbiy ko‘rigi o‘tkazildi va jarrohlik muolajasiga muhtojlarning 100 nafarida yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, italiyalik travmatolog-ortoped, tibbiyot fanlari nomzodi  Devide Porotora Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida ikki tomonlama son-chanoq yemirilishi tashxisi qo‘yilgan Ikromjon Jo‘rayevga endoprotezlashning noyob usulini qo‘llab, uni darddan xalos etdi. Bemor endilikda hech qanday qiyinchiliksiz o‘zi yura oladi. Shifokorning aytishicha, bunday usul  dunyoda noyob tajriba sifatida tan olingan.

Qizg‘in jarayonlarda jajjigina qiz ham jarrohlik stoliga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, yosh bemor ehtiyotsizlik sababli yiqilganda son suyagi siljigan. Bu kelgusida uni nogironlikka olib borishi mumkin edi. Ota-onasi Toshkentga olib bormay, Namanganda davolatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xorijiy hamkorlar ishtirokida jarrohlik yo‘li bilan siljigan son suyagi o‘rniga keltirilib,  og‘riq, kelgusida uchrashi mumkin bo‘lgan muammolardan xalos etiladi.  

Shuningdek, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya va qozog‘istonlik mutaxassislar ishtirokida Namanganda o‘nlab murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Hatto, jahon miqyosida o‘ta nozik va murakkab hisoblanadigan yelka chiqishini artroskopik jarrohlik usuli bilan davolash viloyat tarixida ilk bor  mazkur filialda muvaffaqiyatli tatbiq etildi.

Bunday nufuzli forumlar nafaqat tajriba almashish, balki soha mutaxassislarining ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy innovatsiyalar asosida fuqarolar sog‘ligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA