Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoning eng sara polvonlari Namanganda bellashadi
20:20 / 2022-09-08

Namangan shahri shu yilning 8-11 sentyabr kunlari milliy sport turi sanalgan belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun erkaklar va ayollar o‘rtasida jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.

Mazkur nufuzli musobaqa oldidan Sportni rivojlantirish vazirligi, Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi, Namangan viloyati hokimligi, O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasi va Mongoliya davlati belbog‘li kurash federatsiyalari mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tarixi uch ming yillikka borib taqaladigan belbog‘li kurashimiz bugun xalqaro sport arenalarida bo‘y ko‘rsatib, o‘z o‘rni va nufuzini topmoqda. Asrlar osha o‘zida mardlik, halollik, jasorat kabi fazilatlarni jamlagan milliy kurashimizni dunyo miqyosida keng rivojlantirish maqsadida 2021 yil 27 sentyabrda Litvaning Vilnyus shahrida Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi (JBKA) tashkil etilib, unga vatandoshimiz Alisher G‘aniyev prezident etib, saylandi. Hozirga qadar belbog‘li kurash ommalashgan dunyoning 18 ta mamlakati mazkur xalqaro sport tashkilotiga a’zo bo‘ldi. O‘tgan qisqa davr ichida belbog‘li kurash bo‘yicha Yevropa, Pan Amerika, Osiyo konfederatsiyalari ta’sis qilindi.

JBKA va O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi tashabbuslari bilan o‘tgan yilning noyabr oyida Jizzax va joriy yil may oyida Qo‘qon shaharlarida O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun yoshlar o‘rtasida jahon chemponatlari yuqori saviyada o‘tkazilgani ushbu milliy sport turini yer kurrasi bo‘ylab ommalashib borayotganidan dalolat beradi.

[gallery-8710]

- Milliy sport turimiz belbog‘li kurashni Osiyo o‘yinlari, Yevropa o‘yinlari, qolaversa, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish asosiy maqsadimiz hisoblanadi, - deydi O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov. – Buning uchun JBKA bilan birgalikda uzoq yillik puxta va aniq istiqbolli dasturiy rejalar ishlab chiqilmoqda. Istiqbolli loyihalarimizni izchil amalga oshirish niyatida Namangan viloyati sport mutasaddilari bilan birga o‘tgan yili Ukrainaning Lvov shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatini kuzatish asnosida xalqaro musobaqa tashkillashtirish borasidagi tajribalarni o‘rgandik. Shu tariqa, Farg‘ona vodiysida birinchilardan bo‘lib, Namangan viloyatida belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazishga qaror qildik.

- Yangi O‘zbekistonda tajriba tariqasida nufuzli sport musobaqalari, ayniqsa, jahon chempionatlari mezbonligi ilk marotaba poytaxtdan tashqari hududlarda yo‘lga qo‘yilmoqda, - deydi Namangan viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon To‘ychiyev. – Namangan shahrida mart oyida futbol bo‘yicha “Navruz cup” xalqaro turniri hamda iyun oyida Osiyo chempionati saralash guruh bosqichi yuksak saviyada o‘tkazildi. Kelasi oyda esa taekvondo bo‘yicha “Namangan cup” xalqaro turnirini uyushtiramiz.

Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida bo‘lib o‘tadagan jahon chempionati bahslarida Qirg‘iziston Respublikasi, Gruziya, Belgiya, Eron, Rossiya, Pokiston, Xitoy, Italiya, Turkiya, Kamerun, Braziliya, Hindiston, Latviya, Estoniya, Qozog‘iston, Tojikiston singari 32 ta mamlakatdan 500ga yaqin mahoratli polvonlardan jamlangan jamoalar ishtirok etadi.

Musobaqalarda erkaklar belbog‘li kurash va belbog‘li kurashning erkin yo‘nalishi bo‘yicha 8 ta vazn toifasida kuch sinashsa, ayollar 5 ta vaznda kurashadi. Terma jamoamiz bosh murabbiysi Usmon Muhammadovning aytishicha, O‘zbekiston sportchilarining asosiy qismi namanganlik 15 nafar polvonlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, ko‘p karra jahon chempioni, to‘raqo‘rg‘onlik Rustam Umarovga mazkur musobaqa navbatdagi g‘alabaga erishish uchun katta imkoniyat demak.

Eslatib o‘tamiz, Prezident sovrini uchun belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionatining umumiy mukofot jamg‘armasi 351 million so‘mni tashkil etib, unda g‘olib chiqqan sportchilar 10 million so‘m yutuqqa ega bo‘ladi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA