Kamerunda yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Afrikaning eng yoshi katta rahbari, 92 yoshli Prezident Pol Biya yana yetti yillik muddatga hokimiyatda qolish uchun nomzodini ilgari surdi. 1982 yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan Biya, agar g‘alaba qozonsa, 99 yoshgacha hokimiyat tepasida qoladi. Kamerun 1960 yil mustaqillikka erishgandan beri atigi ikki prezident ko‘rgan.
Pol sog‘lig‘i, uzoq yillik hukmronligi va mamlakatdagi iqtisodiy tanazzul sabab tobora ko‘p tanqid qilinmoqda. U ko‘p vaqtini Yevropada o‘tkazadi, davlat boshqaruvi esa amaldorlar va oila a’zolari qo‘lida.
"Syracuse" universiteti professori Benjamin Aki fikricha, bu galgi saylov Biya uchun xavfli kechishi ehtimoli bor.
– U juda keksaygan va mamlakat 43 yillik boshqaruvdan charchagan, – deydi olim. – Endi natija boshqacha bo‘lishi mumkin.
Saylovda Biya bilan birga to‘qqiz nafar nomzod qatnashdi. Ular orasida sobiq vazirlar Bello Bouba Maigari va Issa Tchiroma Bakari ham bor. Natijalar 26 oktyabrga qadar e’lon qilinadi.
Kamerun hozir ikki yirik muammo bilan yuzlashgan: g‘arbda inglizcha so‘zlashuvchi separatistlar bilan urush, shimolda esa Boko Haram tahdidi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, ushbu yurt aholisining 43 foizi qashshoqlikda yashaydi.
Mazkur saylov Pol uchun tarixiy sinov bo‘ladi. Zero, mamlakatdagi yosh avlod allaqachon “o‘zgarish shamoli”ni his qila boshlagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA