Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoni yashillik qutqaradi (+video)
15:54 / 2025-12-01

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish — xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, o‘zimiz yashab turgan joyni obod qilish va ko‘kalamzorlashtirish tufayli ko‘nglimiz ham obod bo‘ladi, turmushimiz yanada fayzli kechadi.

Joriy yilning 30 may kuni Prezidentimizning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingandi. Unda jamoatchilik ishtirokini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.  

O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi jamoasi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi yerlarida “Dunyoni yashillik qutqaradi”  deb nomlangan aksiyani o‘tkazdi. Unda ijodkorlar, texnik xodimlardan iborat 20 nafar ko‘ngilli ishtirok etdi. Shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi xodimlaridan ham yana shuncha hasharchi tadbirda faol qatnashdi. Shu kuni jami 200 tupga yaqin nihol ona zaminga qadaldi.  

Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi 1947 yilda tashkil topgan bo‘lib, umumiy yer maydoni salkam 380 000 gektarni, shundan o‘rmon bilan qoplangan maydoni 80 ming gektardan ziyodni tashkil qiladi. Xo‘jalikda 55.4  gektar o‘rmon niholxonalari mavjud bo‘lib, unda ko‘chatlarning hududga mos o‘nlab turlari yetishtiriladi. O‘rmon xo‘jaligi ko‘chatxonalarida har yili 1.5 million tup nihol tayyorlanadi. Shu bilan birga har bir hududga biriktirilgan xodim ko‘chatning o‘z vaqtida sug‘orilishi, biotexnik chora-tadbirlari, zararkunandalariga qarshi kurash ishlarini nazorat qilib boradi. Undan tashqari o‘rmon nozirlari ham nazorat tadbirlarini olib boradilar.  

Aytish kerakki, so‘nggi yillarda jahonda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global muammolar, afsuski, yurtimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Ro‘y berayotgan chang-to‘zonlar, shuningdek, yog‘ingarchilikning kamayib ketayotgani barchamizni yashillik olamini ko‘paytirishga chorlaydi.  Atrofi Tyan-Shan va Chotqol tog‘ tizmalari bilan o‘ralgan ushbu hudud shoirlarimizga ham ilhom manbai bo‘ldi.    

Albatta bunday tadbirlar insonlarga ruxiy ozuqa va jismoniy kuch ham bag‘ishlaydi. Shu kuni jamoa tog‘ etaklariga va qirga ko‘tarilib, har qancha mehnat qilishsada hech birlarida charchoq alomatlari sezilmadi. Chunki, bu qilinayotgan ezgu amallarni qo‘llaguvchisi bor – u ham bo‘lsa Ona-tabiatdir.  

Sanjar Toshpo‘latov, Yoqubjon Meliboyev, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA