Motorola kompaniyasi xodimi va birinchi mobil telefon ixtirochisi Martin Kuper dunyodagi birinchi mobil telefon qo‘ng‘irog‘ini amalga oshirganiga roppa-rosa 50 yil to‘ldi.
Nyu-Yorkdagi Martin Kuper birinchi mobil telefonni ushlab turibdi.
1973 yil 3 aprelda Martin Kuper Nyu-Yorkdagi Oltinchi avenyu bo‘ylab ketayotgan edi. Keyin u ko‘cha burchagida to‘xtadi va cho‘ntagidan telefon kitobi va g‘alati krem rangli telefonni chiqarib oldi. Martin mo‘jiza qurilmasining tugmachalarini bosayotgan paytda atrofdagilar undan ko‘z uzmay, hayrat bilan tomosha qilardi. Bir daqiqa o‘tadi va Martin Kuper Bell Laboratoriyasidan (Motorola raqobatchilari) ma’lum bir odamga qo‘ng‘iroq qiladi. Martinga javob qaytariladi va u hozir “shaxsiy cho‘ntak aloqa vositasidan” qo‘ng‘iroq qilayotganini aytadi.
Xullas, dunyodagi birinchi uyali telefon qo‘ng‘irog‘i shu tarzda sodir bo‘ldi. O‘shandan beri 3 aprel barcha “mobil telefonlar”ning tug‘ilgan kuni hisoblanib kelinmoqda, Martin Kuper esa mobil telefonlarning “otasi” va smartfonlarning “bobosi”, degan maqomning egasiga aylandi. Birinchi simsiz telefonning nomi Motorola DynaTAC deb nomlangan.
Qurilma faqat 11 yil o‘tgach, ya’ni 1984 yilda sotuvga chiqdi. Zamonaviy standartlarga ko‘ra, Motorola DynaTACni portativ deb atash mumkin emas. Bu og‘irligi 790 gramm va uzunligi 22 santimetr bo‘lgan "g‘isht" edi. Ushbu birinchi qurilmani ko‘p funksiyali deb ham atash qiyin, chunki uning yordamida faqat chiqish va kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish mumkin bo‘lgan. Unda qo‘ng‘iroqni yuborish va tugatish uchun 10 ta raqamli tugma va yana ikkitasi bor edi, hatto displey ham bo‘lmagan.
Motorola DynaTAC quvvatlanish avtonomiyasi maqtanarli bo‘lmagan. Batareyaning to‘liq quvvatlanishi 30-60 daqiqa suhbat, 12 soat kutish vaqti uchun yetarli edi, xalos. Qolaversa, u uzoq vaqt davomida, ya’ni 10 soat quvvatlangan. Tepasida aloqani ushlab turish uchun 15 santimetr uzunlikdagi antenna bo‘lgan.
Mobil telefonlarning kelajagi bo‘lgan Smartfonlar ham uning yangi avlodlari ham avvalgilaridan unchalik farq qilmasligini payqagandirsiz. Darhaqiqat, "mobil telefonlar" ishlab chiqaruvchilari butunlay yangi xususiyatlarni taklif qilishni to‘xtatdilar va har bir taqdimotda “yaxshilangan kamera”, “ko‘proq ishlash”, “yaxshiroq avtonomiya” so‘zlari yangrardi. Bundan chiqdi, smartfonlar boshi berk ko‘chaga kirib qoldimi, texnologik taraqqiyotiga yetib borildimi? Biroq Martin Kuper unday fikrda emas. Uning fikricha, smartfonlarda hali rivojlanish uchun joy bor. “Menimcha, bugungi smartfon optimal emas”, deydi u.
Kelajakda smartfonlar sog‘lig‘imizni kuzatishi, mehnat unumdorligini oshirishi va hayotimizni yanada yaxshilashi mumkin. “Biz hali ham mobil telefon inqilobining boshida turibmiz”, deb xulosa qiladi ixtirochi. Har sohada taraqqiyot to‘xtab qolmaganidek, mobil telefoni ixtirochisining gapida ham jon borligiga yana bir bor ishonsak bo‘ladi.
Internet materiali asosida
Saidmurod Rahimov tayyorladi.