Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoni kitob qutqaradi
15:44 / 2020-08-18

Dunyoni goʻzallik qutqaradi. Dunyo turgandan beri turgan va yana dunyo turguncha turadigan hayot haqiqati shu. Uni hech kim inkor etolmaydi.

Buguning gapi

Dunyoni goʻzallik qutqaradi. Dunyo turgandan beri turgan va yana dunyo turguncha turadigan hayot haqiqati shu. Uni hech kim inkor etolmaydi.

Ancha yillar oldin Germaniyaning Frankfurt shahrida har yilgi xalqaro kitob yarmarkasiga bordik. Tadbir oʻtadigan binoning peshtoqiga “Dunyoni kitob qutqaradi” deb yozib qoʻyilgandi. Bir qaraganda biroz iztehzoli bu eʼtirof baribir kishini oʻylantiradi. Bu ayniqsa bugungi pandemiya sharoitida anchayinin jozibador, haqiqatga yaqin koʻrinadi.

Hozir butun dunyo pandemiya iskanjasida qolgan, dunyo taʼbir joiz boʻlsa, karantinga tushib qolganda bir xayol kitob haqida soʻz ochish joizmi deb oʻylab qolasan kishi.

Paygʻambarimiz vabo kelganda “uyda qoling” degan ekanlar. Ibn Sino ham bu gapning haqligini sof tibbiy asnoda isbotlab berganlar. Hamonki shunday ekan, bu xalq, ayniqsa yosh yalang nega uyda oʻtirmaydi, oʻtirolmaydi. Oynai-jahonga bir qarang, eski sogʻingan filmlar, konsertlargacha qoʻyilmoqda. Yana nima kerak? Eski futbol oʻyinlari – jahon chempionatlari, afsonaviy boksjanglari...

Nafsilambirini aytganda tomoshalar qancha yaxshi boʻlmasin, odamni charchatadi. Balki shunday kezlarda, anchayin chang tortib qolgan moʻjazgina kitob terilganjavoningizni ochib, koʻhna kitoblarni bir sidra qoʻlga olib, changini artib varaqlagingiz kelmaydimi?.. Qiziq! Parodoks!? Butun dunyo “uyda qoling” deb tursa-yu, bu odamzot koʻchaga talpinaversa?!

Koʻchada yuradigan vaqt ham kelar. Yurasizam.. yuramizam... Lekin hozir “uyda qoling” deb turganda, qilaylik shu ishni. Uyda qolaylik! Shunda bu baloi-ofat sizu bizni, oilamizni chetlab oʻtadi. Yoshligimizda “uyidan ilon chiqqan” deyishganda tushunmasdim... Va bu holda hazrati oliy – kitob hammamizga eng yaqin doʻst, sirdosh, maslahatgoʻy chiqardi. Agar biz hozir kitob oʻqimasak, chor-atrofdagilarni bu ishga chorlamasak, tortmasak, shundayincha oʻtib ketamiz-ku. Kitob loaqal mana shu baloi azim – koronavirusdan saqlaydi, degan umid bilan unga oshno boʻlish kerak.

Kitob uni oʻqish barobarida insonni tarbiyalaydi. Oʻylashga oʻrgatadi, iulohaza yuritishga chogʻlaydi, yaxshi-yomonni ajratishni bildirib boradi. Bir yoqlama, faqat oʻziga manfaatli asnoda fikrlashdan, kengroq ijtimoiyroq, koʻpni oʻylab, yurt, mamlakat miqyosida, uning manfaatlari doirasida fikrlashni oʻrgatadi., kuchaytiradi.

Kitob mohiyatan ezgulikni targʻib qiladi, shu bois oʻquvchida ham ezgulik, yaxshilik, halollik kabi oʻlib borayotgan his-tuygʻularni qoʻzgʻatadi, gʻimillatadi.

Bu gaplar kimgadir erish tuyular, kimgadir choʻpchakka oʻxshar, har holda kitob oʻqigan odamdan yomonlik chiqmaydi. Bu gapni koʻp aytganman: kitob oʻqigan odamdan jinoyatchi chiqmaydi. Prokuror birodarlarim sanksiyaga qoʻl qoʻyayotganda xonasida boʻlganman. Mahbuslarni olib chiqib ketishgach, hukmni olib atay oʻqib chiqqanman. Maqsadim – birortasi kitob oʻqib boʻlib, jinoyatga qoʻl urganmi, yoʻqmi, shuni aniqlash edi.

– Yoʻq bunaqasi yoʻq. Birorta ham holatda kitob oʻqib boʻlib, oʻrnidan turib jinoyatga qoʻl urgan epizod yoʻq, – degandi oʻsha vaqtda Ohangaron shahri prokurori boʻlib ishlagan qadrdonim Muhiddin Musayev.

...Loaqal shuning uchun ham kitob oʻqish kerakku, axir birodarlar.

Olti-yetti yil avval Koreyaning Paju shahrida kitoblar shaharchasi tashkil etildi. Bundan maqsad insonlar qalbini kitobga, adabiyotga oshno etish. Zotan, kitobga oshno qalbdan faqat ezgulik yogʻiladi.

Nemislar yangi yil bayramida bir-biriga kitob sovgʻa qiladi. Bu millat dunyoda eng koʻp kitob oʻqiydigan deb eʼtirof etilishi bejiz emas. Keyinroq bu eʼtirof yaponlar, xitoy, hindlarga nisbatan ham aytilmoqda. Agar xolis boʻlib, bu roʻyxatning biror mushtarak jihatini axtarib koʻrsangiz – ulardagi rivojlanish, taraqqiyot kelib chiqadi. Demak, millatning taraqqiyoti ham koʻp jihatdan kitob orqali ekanligiga ishonch hosil qilasiz. Bugungi sinovli kunlarda serhimmat xalqimizning saxovat tugunlaridagi kartoshka-piyoz yoniga bir donadan kitob qoʻshilsa qanday yaxshi boʻlardi.

“Taraqqiyotning umumiy koʻlamida har bir xalqning oʻrni oʻsha xalq oʻqiyotgan kitoblarning umumiy soni bilan belgilanadi” degan fransuz adibi E.Labule.

“Men biror shahar haqida undagi kitob doʻkonlariga qarab xulosa chiqaraman” degandi A.Rubnshteyn.

Frensis Bekon “Kitoblar vaqt toʻlqinlarida kezib, oʻzining qimmatbaho yukini avloddan-avlodga tashib oʻtayotgan tafakkur kemalaridir” deganda ming marta haq edi.

Bundan ortiq, bundan oshib bir gap aytib boʻlmaydi. Yakuniy xulosa esa shuki, agar biz hozir avvalo oʻzimiz kitob oʻqimasak, bolalarimizni aynan hozir, shu kunlarda kitob oʻqishga oʻrgatolmasak, keyin oʻrgatolmaymiz. Men kitob oʻqimaydigan avlod shakllanishidan qoʻrqaman.

Ahror AHMEDOV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist