Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoga va dunyoviy islohotlarga yo‘l
19:23 / 2023-03-28

Qaror va ijro

Har safar til o‘rganish masalasida gap ketsa yoki chet tillarini yaxshi biladigan yoshlarni ko‘rsak, Gyotening «Inson nechta til bilsa, u shuncha odamdir», degan gapi yodga tushadi. Gyote haq, chunki til bilgan inson, avvalo, o‘sha xalq tarixi, madaniyati, urf-odati va dunyoqarashlarini ham beixtiyor o‘zlashtirib boradi. Shu tariqa kishida tafakkur yuksaladi.  

Bugun O‘zbekistonda ham chet tillarini o‘rganishga katta qiziqish kuzatilmoqda. Buning uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, xorijiy tillarni o‘qitish tizimini isloh qilishga qaratilgan qator me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.  

Prezidentimizning 2021 yil 19 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-­tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari bilan mamlakatda chet tillarni o‘rgatishning ilg‘or texnologiyalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yildi.  

Shu tariqa yurtimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimga asos solindi. Unga ko‘ra, maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari kamida ikkita chet tilini bilishi zarurligi belgilandi.  

O‘z navbatida, chet tillarni o‘rgatish oliy ta’lim tizimida ham ilg‘or texnologiyalar asosida rivojlanib va ommalashib bormoqda. Eng muhimi, til o‘rganishga talaba-yoshlarimizning ham qiziqishi ancha kuchaygan.  

Buning bir qancha asoslari bor va buning uchun mustahkam zamin yaratilgan. Jumladan, ingliz tili bo‘yicha samarali material va adabiyotlar chop qiluvchi mashhur bosmaxonalar (Oxford, Macmillan) bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda, pirovardida, milliy mentalitet va madaniyatimizga mos keluvchi, nafaqat tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish, balki sotsiolingvistik, pragmalingvistik, strategik, diskursiv kompetensiyalarni rivojlantirishni o‘z ichiga olgan kitob va darsliklar yaratish, chop etish ishlari amalga oshirilmoqda.  

bugungi kunda barcha fanlarni o‘qitish jarayoniga kompetensiyaviy yondashuv keng tatbiq etilmoqda. Endi o‘quvchi va talabalarga fan bo‘yicha bilim, ko‘nikma, malaka berishning o‘zi yetarli emasligi, balki hosil qilingan tushunchalarni turli vaziyatlarda amaliy qo‘llash layoqatini shakllantirish zarurligi ayon bo‘lmoqda.  

Yana bir ahamiyatli jihati, xorijiy davlatlarda chop etilgan zamonaviy, o‘quv-­metodik, ilmiy adabiyotlar, darsliklar va qo‘llanmalarni, xalqaro testlar va ularni joriy etish bo‘yicha ruxsatnoma, litsenziyalarni xarid qilish masalasi ham ijobiy yechim topmoqda. Bu jarayon yo‘lga qo‘yilishi bilan chet tilini o‘qituvchilar va o‘rganuvchilar xorij tajribasidan bemalol foydalanishi va chet tillarni mukammal o‘rganishi mumkin.  

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti misolida oladigan bo‘lsak, Xorijiy tillar kafedrasi talabalar bilan ishlash, ularga chet tilini o‘rgatishning eng ilg‘or texnologiyalaridan foydalanilmoqda.  

Bugun ayrim talabalar «Bizga chet tili nima uchun kerak?» degan qarash bilan yuradi. Aytishni istardikki, chet tillarini bilishning afzalligi ko‘p. Bu, ayniqsa, zamonaviy dunyoning globallashuv jarayonida yaqqol ko‘zga tashlanadi.  

Dunyo miqyosidagi global o‘zgarishlardan xabardor bo‘lgan yosh avlodning hushyorlik ruhi va keng fikrlay olish qobiliyati rivojlanadi. Chet tillarini bilish orqali yoshlar zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirib, ilg‘or g‘oyalar va xalqaro tashabbuslarni ilgari surish qobiliyatiga ega bo‘ladi, innovatsion yutuqlarni qo‘lga kiritadi.  

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Chet tillarini bilish, ayniqsa, sportchi-yoshlar uchun ham juda muhim bo‘lib qoldi.

Buning o‘ziga xos sabablari bor. Masalan, Yangi O‘zbekiston sharoitida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, iqtidorli, kuchli sportchilarni izlab topish va tayyorlash, ularning nufuzli xalqaro musobaqalarda, Olimpiada o‘yinlari va jahon chempionatlarida ishtirokini rag‘batlantirishga davlat darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda. Pirovardida, mamlakatimizdan ko‘plab chempionlar yetishib chiqib, dunyo hayratiga sazovor bo‘lyapti. Demak, xalqaro musobaqada g‘olib bo‘lgan sportchi-yoshlarimiz xorijlik jurnalistlar bilan bevosita muloqot qilishi kerak bo‘ladi. Fikrini va mamlakatdagi islohotlarni, aytaylik, ingliz tilida yetkazib berish ham dunyo mamlakatlarining o‘zbekistonlik sportchilarga bo‘lgan hurmati oshishiga xizmat qilishi tabiiy.  

Fikrimiz dalili sifatida yosh shaxmatchilarimizni keltirish mumkin. Ular o‘tgan yili jahon chempioni bo‘lganida, ingliz tilida qanday ravon gapirganiga hammamiz havas bilan qaradik. Boshqa sportchilarimiz ham ulardan o‘rnak olishi kerak.  

Qolaversa, chet eldagi musobaqalarda bo‘layotgan jarayonlarni, vaziyatni bilib turish uchun ham chet tilini bilish zarurati bo‘ladi. Elementar jihatni oladigan bo‘lsak, hech bo‘lmasa hakamga o‘z fikrini yetkaza olish uchun ham til bilish kerak bo‘ladi.  

Bugun biz talaba-yoshlarimizga ana shu muhim jihatlarni tushuntirgan holda chet tillarni o‘rgatishga kirishganmiz. Aytish joizki, bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Shu bois joriy yil may oyida universitetimizda «Tilni o‘qitishda kasbiy faoliyatga yo‘naltirilgan ta’lim» mavzusida respublika ilmiy anjumani o‘tkazishni rejalashtirib turibmiz. Unda xorijiy tillarni o‘rgatishni ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ta’lim sifatini tubdan oshirish, tilni o‘qitishda kasbiy faoliyatga yo‘naltirish bo‘yicha noan’anaviy innovatsion metodlar ishlab chiqishni maqsad qilganmiz.  

Yana bir jihat shundaki, 2022/2023 o‘quv yilidan magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’limda o‘qish istagida bo‘lgan talabgorlardan chet tilidan B2 daraja, til yo‘nalishlari nomzodlardan esa S1 darajadagi sertifikat talab qilinadi.  

Bu nima uchun zarur, degan savol ham tug‘ilmoqda. Gap shundaki, agar talaba yoki yosh tadqiqotchi ingliz tilini bilmasa yo haminqadar bilsa, qanday qilib ilmiy ish qiladi, qanday tadqiqot olib boradi? Hozirgi zamon bilan qanday bellashadi?  

Umuman aytganda, xorijiy tillarni o‘rganish dunyoga va dunyoviy islohotlarga yo‘l ochadi. Ayniqsa, Yangi O‘zbekiston sharoitida, yurtimiz keng jahonga ochilayotgan bugungi zamonda til o‘rganish zarur va shart.  

Shirin ALIEVA, 
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va 
sport universiteti Xorijiy tillar 
kafedrasi mudiri. 
O‘zA