Ko‘pchiligimiz xorijning mashhur va sifatli, brend mahsulotlarini xarid qilishni, liboslarini kiyishni istaymiz. Avvallari qaysidir chet davlatlarga borganlargina ana shunday brend mahsulotlarni sotib olishi mumkin edi. Hozir zamon o‘zgarib, rivojlanib borgani sayin har sohada qulaylik va imkoniyatlar yaratilmoqda. Endilikda xorijning brend mahsulotlarini nafaqat internet magazinlari orqali, balki yurtimizda ochilgan brend firmalarning do‘konlariga borib xarid qilishimiz mumkin.
E’tiborli jihati, davlatimiz rahbarining ana shunday savdo shahobchalarini tashkil etish, brend firmalarni mamlakatimizga olib kirish borasidagi topshirig‘iga asosan poytaxtimizda o‘nlab xorijning brend firmalarning sotuv bo‘limlari ochildi.
Yurtimizda xalqaro brendlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qator huquqiy va tashkiliy mexanizmlar yaratilmoqda.
Xorijiy brendlar mamlakatga kirib kelishi bilan qator yirik masalalar hal qilinadi. Jumladan, ishlab chiqarishga xalqaro standart, ekologiya va sertifikatlash talablari qo‘yiladi. Buning uchun mahalliy korxonalarda mutaxassislar zarur talab asosida o‘qitiladi, ishchilarga munosib mehnat sharoiti yaratiladi. Brend mahsulotlarni olib kirish va eksport qilish uchun qulay bojxona tartibi joriy qilinadi.
Prezidentimizning 2022-yil 12-oktyabrda “Aholini xalqaro brendlarning sifatli mahsulotlari bilan ta’minlash va mahalliy korxonalarning global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga kirishi uchun qo‘shimcha sharoit yaratishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida xalqaro brendlar tovarlarining ayrim turlari, jumladan, kiyim-kechak, parfyumeriya mahsulotlari, sport kiyimlari, poyabzal va zargarlik buyumlarini import bojxona boji pasaytirilgan stavkasida mamlakatga olib kirish imkonini beruvchi Reestrni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

– Ushbu nizomga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgarish natijasida xalqaro brendlar tovarlarini import qiluvchilar Reestri inson omili minimallashtirilgan elektron tizim orqali yuritilishi yo‘lga qo‘yildi, – deydi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mutaxassisi Feruz Hojimatov. – Shuningdek, arizani ko‘rib chiqish muddati 25 kundan 14 kunga qisqartirildi. Reestrga kirish uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘ziga tegishli (yoki ijara) chakana savdo shahobchasiga ega bo‘lishi lozimligi to‘g‘risidagi talab yengillashtirilib, 1 ta shahobchaning o‘zi kifoya bo‘lishi belgilandi. Xalqaro brendning patentlangan tovar belgisi (logotip), shiori, reklama roligi, tovarning xalqaro elektron onlayn savdo maydonida mavjudligi hamda olib kiriladigan brend mahsulot sifatini tasdiqlovchi hujjat talab qilish amaliyoti bekor qilindi.
Mazkur hujjat xalqaro brendlar tovarlarini import qiluvchilar reestrini yuritish jarayonini raqamlashtirish, texnik to‘siqlarni bartaraf etish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.
Bugungi kunga qadar xalqaro brendlarni olib kirish yuzasidan qabul qilingan arizalar orasidan 40 dan ortiq brendga 60 ta sertifikat taqdim etildi. Shu tariqa jahonning “Mango”, “Massimo Dutti”, “Pull&Bear”, “Bershka”, “Oysho”, “Stradivarius”, “Oxxo”, “Ecco”, “Next”, “Gerry Weber”, “Swarovski” “Adidas”, “Chanel”, “Zara” singari 20 ga yaqin nufuzli brendi “Tashkent City Mall” savdo markazida faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
E’tiborlisi, kiyim-kechak sohasiga oid 30 dan ziyod “LC Waikiki”, “Cotton”, “Defacto”, “Colin’s”, “Terranova”, “Baldessarini”, “The North Face”, “Engelbert Strauss GmbH & Co. KG”, “Pierre Cardin” kabi xalqaro brendlar, jumladan, Germaniyaning 11 ta, Italiya va Turkiyaning 7 ta hamda AQSH, Fransiya, Xitoyning 2 ta brendi bilan hamkorlikda Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand viloyatlarida kooperatsiya loyihalari ishga tushirildi.
- Brend mahsulotlarning mamlakatimizga kirib kelishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada rivojlanishga, eng sifatli mahsulot ishlab chiqarishga undaydi, chunki ichki bozorda raqobat kuchayadi, - deydi “Zamin Turon Tekstil” korxonasi rahbari Zayniddin Ro‘ziyev. – Sifatli mahsulot ishlab chiqarish orqali ishchilarning tajribasi oshadi. Bu esa kelgusida xorijning nufuzli brend firmalari bilan hamkorlik qilish imkoniyatini beradi. Biz ayni kunlarda mahsulotimizni xalqaro brend darajasiga olib chiqish ustida ishlayapmiz. Bunda eng rivojlangan brendlar faoliyati bilan tanishish, tajriba almashishi juda muhim.

Yana bir ahamiyatli jihati mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasida brendlar bilan hamkorlik qilishga to‘siq bo‘lib turgan “Cotton Campaign”ning o‘zbek paxtasiga boykoti 2022-yilda tugatilganligi bo‘ldi. Tasdiqlangan “Yo‘l xarita” doirasida "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi brendlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi tizim joriy etildi.
Darvoqe, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarga xalqaro standart va sertifikatlarni joriy qilish xarajatlarini subsidiyalash orqali brendlar talabiga moslashtirildi. Natijada sertifikatlangan korxonalar soni 175 taga yetkazildi, jumladan, 100 ta korxona “Oeko-tex”, 8 ta “GOTS” (Germaniya), 30 ta “Sedex” (Buyuk Britaniya), 25 ta “BSCI” (Belgiya), 11 ta “WRAP” (AQSH) xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatlangan.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro ko‘rgazmalarda faol ishtirok etish hamda biznes missiyalar tashkil etish orqali brendlar bilan aloqa o‘rnatildi. Masalan, 2023-yilda 16 ta yirik xalqaro ko‘rgazmalarda 400 dan ziyod korxonalar ishtiroki ta’minlandi hamda 5 ta davlatda biznes-missiyalar tashkil etilib, nufuzli brendlar bilan aloqalar o‘rnatildi. Xalqaro brendlar va riteylerlar global yetkazib berish zanjirlariga bosqichma-bosqich O‘zbekiston mahsulotlarini kiritish tizimi joriy etildi. Jumladan, bu ishlarning birinchi bosqichida brendlar buyumlarini “Tashkent City Mall”savdo majmuasida pasaytirilgan bojxona stavkalarida import qilish imkoni yaratildi. Davlatimiz rahbarining maxsus qarori bilan nufuzli brendlarning ayrim turdagi mahsulotlariga bojxona boji stavkalari ikki barobarga (15 foizdan 7,5 foizga) tushirildi. Bugungi kunda, mazkur imtiyozdan 58 ta brendlar foydalanmoqda.

Ikkinchi bosqichda esa import qilinayotgan mahsulotlarni bir yil davomida mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan edi. Natijada, Yevropa, Turkiya va AQSHning 27 ta brendlari buyurtmalari asosida Andijon, Namangan, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi korxonalarda 900 million dollarlik eksport amalga oshirildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, hozirgi kunda AQSHning “The North Face”, “Engelbert Strauss” Italiyaning “Cotonella”, “Terranova”, Fransiyaning “Pierre Cardin”, “Gemo”, Germaniyaning “Carl Gross”, “Team Dress”, “Baldessarini”, Turkiyaning “LC Waikiki”, “DeFacto”, “Kotton”, “Sela”, Rossiyaning “Sportmaster”, “Gloria Jeans”, “Ostin”, Belorussiyaning “Mark Formelle” kabi brendlarga muntazam ravishda mahsulot yetkazib berilmoqda.
Xalqaro brendlar bilan hamkorlikni kengaytirishning keyingi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha yangi “Yo‘l xarita” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ qoshida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda brendlar bilan hamkorlik qiluvchi operator korxona tashkil etiladi.
Mazkur korxona 100 ta salohiyatli mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni belgilab oladi hamda ularga bir qator xizmatlarni ko‘rsatadi. Xususan, brendlar talabiga muvofiq barcha zaruriy xalqaro standartlar joriy etish va xalqaro sertifikatlarga ega eksportchilar soni 250 taga yetkaziladi. Yuqori tajribaga ega texnolog, dizayner, konstruktor, marketolog kabi mutaxassislar xorijdan jalb qilinib, mahalliy kadrlarni o‘qitish tizimi joriy etiladi. Tajribali savdo agentlarni (mahalliy hamda xorijiy) ishga yollagan holda “Beximco” va “Li&Fung” kabi yetakchi sorsing, brend va riteylerlarni jalb qiladi hamda ularning buyurtmasini qabul qiladi. Nufuzli xalqaro ko‘rgazmalarda keng ishtiroki ta’minlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, soha rivoji uchun olib borilayotgan islohotlar samarasida 2026-yil yakuniga qadar sohaning yillik eksport ko‘rsatkichlari 7,0 milliard dollarni ya’ni, o‘sish 2,5 barobarga, shu jumladan, brendlarga eksport 2,7 milliard dollarni tashkil qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Go‘zal Sattorova, O‘zA