Insoniyat millionlab qurbonlar evaziga muvozanatga erishgandi. Bugun esa haqligidan shubha qilmayotgan yirik davlatlar o‘z manfaati yo‘lida shu muvozanatni “o‘yin qilayotgan” bir vaqtda 15 ta davlat va 10 dan ortiq xalqaro tashkilot rahbarlari jam bo‘ladigan SHHTning Samarqand sammiti muhim xulosalar uchun imkoniyatga aylanishi kutilmoqda.
SHHT O‘zbekiston raisligi davrida katta yoki kichikligiga qaramasdan, teng va manfaatli hamkorlikdan manfaatdor bo‘lgan dunyoning yarmini jamlab, ko‘plab davlatlar uchun ham jozibali tashkilotga aylangani e’tirof etilmoqda.
Ushbu e’tiroflar bilan birga, tinchimas urush mafkurachilari tomonidan Samarqand sammiti qarshi koalitsiyani shakllantirishi mumkinligi haqidagi “bashorat”lar paydo bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidentining SHHT Samarqand sammiti maqsadi batafsil yoritilgan maqolasi o‘z vaqtida e’lon qilindi va ko‘plab taxminlarga javob bo‘ldi. Unda tinchlik va barqarorlik, o‘zaro manfaatli iqtisodiy, siyosiy ustuvorliklarni Samarqand ruhida umumlashtirilgan takliflari ham aks etgan.
Dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. bugungi reallik qanchalar mustahkam va kuchli bo‘lmasin, hech kim yakka holda barqaror jamiyat qura olmasligini ko‘rsatib berdi. Yaqin tarixda shunday xomxayol insoniyatni ikkita lagerga bo‘lgan va bir tomonni taraqqiyotdan ortda qolib ketishiga olib kelganini dunyo hamjamiyati unutmagan.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev xalqlarimiz yana bo‘linish va tortishish emas, qit’alar, mintaqalararo transport yo‘laklarini ochish, o‘zaro manfaat keltiradigan savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, taraqqiyot yo‘lida hamkorlikni mustahkamlash va madaniyatlararo do‘stona muloqot talab qilayotganini yozmoqda.
Shu nuqtai nazardan, bir necha ming yillik tarixida borlik va yo‘qlikdan sadoqat va xiyonatgacha barchasini ko‘rgan Samarqandda, unda mangu qo‘nim topgan, kuch ishlatish adolatmas, aksincha adolatning o‘zi kuch ekanligini vasiyat qilgan Amir Timur vatani O‘zbekiston zaminida dunyoda tinchlik va barqaror taraqqiyot ruhi tiklanishi kerak. Butun dunyo shunga umid qilmoqda.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari.
O‘zA