Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyodagi ilk muzey qachon tashkil etilgan?
14:11 / 2022-01-24

Muzeylar – tarixning sirli xilqatlarini o‘zida mujassam etgan ko‘zgu, xalqlar madaniyatini, qadriyatlarini, urf-odatlarini tarannum etuvchi maskan, ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘idir. Bu ma’naviyat maskanlarining yaratilish tarixi, o‘ziga xos o‘tmishi bor.

Dunyodagi ilk muzey qachon va qayerda tashkil etilgani bilan qiziqqanmisiz? Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi ilk muzey  Museon deb nomlanib, taxminan eramizdan avvalgi 290 yili Aleksandriyada Ptolomey-1 tomonidan tashkil etilgan. Mazkur muzey o‘quv maskani ko‘rinishida bo‘lgan.

Uning tarkibida turar joylar, ovqatlanish hamda mutolaa xonalari, o‘simlik va hayvonot bog‘lari, rasadxona hamda kutubxona ham bo‘lgan. Keyinchalik esa tibbiyot va astronomiyaga oid jihozlar, jonivorlarning qotirilgan nusxalari va shu kabi o‘quv jarayonlarida asqotadigan turli namoyish qurollari ham muzeydan o‘rin ola boshlagan.

Muzeylar dastlab badiiy asarlar majmuiga, keyin esa moddiy va ma’naviy-ma’rifiy yodgorliklarni yig‘uvchi va saqlovchi muassasaga aylangan. O‘zining ulkan tarixiy obidalari bilan nafaqat Yevropa va Osiyoda, balki butun dunyoga mashhur bo‘lgan Italiyada ham XV asrga kelib, mavjud yodgorliklarni muntazam ravishda to‘plash ishlari avjiga chiqqan.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, eng katta muzeylar XIX asrda AQSH, Angliya, Shvetsiya, Yaponiya, Hindiston va Rossiyada barpo etildi. Ermitaj (1852 yili), Moskvadagi Tarix muzeyi (1873 yili), Tretyakov galereyasi (1892 yili) shular jumlasidandir. Yurtimizda esa ilk muzey 1876 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u hozirgi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyidir.

Muhtarama Komilova, O‘zA